13:35 / 31.07.2020
13564
Klub uchun bir yilga qancha pul yetarli? «Lokomotiv» bosh menejyeri javob berdi

#FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ijodiy jamoamiz Toshkentning «Lokomotiv» klubi mehmoni bo‘ldi. Jamoa bosh menejyeri To‘labek Akromov barcha savollarga ochiq javob berdi va muxlislarda klubning bugungi holati haqida umumiy xulosaga kelish uchun yetarli ma'lumotlarni berdi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, «Lokomotiv»dagi natijalar pasayishiga moliyaviy muammoning aloqasi yo‘q. Umuman, «Lokomotiv»da moliyaviy muammoning o‘zi yo‘qligi aytildi. Natijalar yomonlashgani To‘labek Akramov tomonidan shunchaki o‘yin holati deb baholandi. Uning aytishicha, klubning bosh homiysi hamon «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda tashkilot «Lokomotiv»ni moliyalashtirishni to‘xtatgani yo‘q.

«Lokomotiv» bosh menejyeri klublarning bir yillik smetasi qancha bo‘lishi haqidagi savolga ochiq javob berdi. Uning aytishicha, «Lokomotiv» chempion bo‘lgan mavsumda jamoaning yillik smetasi 16 milliard so‘m bo‘lgan. Hozir esa chempionlik uchun kurashishgan bo‘lmasa-da, raqobatbardosh jamoa shakllantirish uchun 25 milliard so‘m yetarli ekani aytildi. Akramovning fikricha, «Paxtakor»ning bugungi holatida chempionlik uchun boshqa jamoalarning kurashishi deyarli imkonsiz.

O‘z navbatida To‘labek Akramov «Lokomotiv»ning tarixi yo‘q deydiganlarga qarata ham ochiq gapirdi: «Bizni «Futbol plyus» ko‘rsatuvida Jamoliddin aka bilan birga tarixi yo‘q jamoa deb gapirasizlar. Lekin, kechirasiz, biz o‘sha tarixni yaratyapmiz. Jamoa tashkil topganiga 16 yil bo‘ldi. Bu orada chempion bo‘ldik, kubokni yutdik, Osiyo Chempionlar Ligasida chorak finalgacha bordik. Bizni «Paxtakor» bilan solishtirish mantiqsizlik bo‘lardi».

Ko‘rsatuvning bu sonida ham ko‘plab qiziqarli mavzulardagi mulohazalar o‘rin olgan. Xususan, har bir g‘alaba uchun 3 ming tup daraxtga yetadigan pul ehson qilgan futbolchi, jamoasini o‘zgartirgan Lovren, penaltini ham shouga aylantirgan Neymar haqidagi qiziqarli mulohazalar.

Top