13:06 / 04.08.2020
100986
Koronavirus: Xitoyda qanday vaziyat hukm surmoqda?

Ayni paytda Xitoyda koronavirusga chalinish umumiy soni 84,5 mingga yaqin, vafot etganlar esa qariyb 5 ming nafarni tashkil qilmoqda. 79 mingdan ortiq bemor esa tuzalgan (sog‘ayish ko‘rsatkichi 94 foiz). Xo‘sh, yanvar-fevral oylarida butun dunyoga virus o‘chog‘i bo‘lgan ushbu mamlakatda bugun vaziyat qanday? Koronavirusga qarshi kurashish doirasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Qanday ijtimoiy cheklovlar amalda? Umuman olganda, odamlarning bugungi yashash tarzi qanday?   

Foto: Reuters

Umumiy vaziyatga nazar
Xitoyda virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar 12 fevral kuni eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan bo‘lib, o‘sha kuni mamlakat bo‘ylab 14 ming 108ta yangi holat aniqlangandi. Shundan so‘ng kamayish tendensiyasi kuzatildi. 19 fevraldan e'tiboran virusga chalinish holatlari mingdan kam, 6 martdan esa yuzdan kam raqamlar bilan ifodalana boshladi. Aprel oyining keyingi ikki o‘n kunligida esa o‘sish kuzatildi va virus yana yuzlik chiziqni kesib o‘tdi.

Qanday cheklovlar joriy etilgandi?
Xubey provinsiyasi yopilgandan so‘ng Xubeyga ulanadigan barcha yo‘llarda nazorat punktlari o‘rnatildi. 24-25 yanvar kunlarida Shanxay, Jiangsu, Xaynan va boshqa viloyatlarning mahalliy hukumatlari Xubeyning «asosiy nuqtalari»dan kelgan yo‘lovchilar 14 kunga karantinga olinishini e'lon qilishdi. Chunsin shahri 1 yanvardan boshlab Uhandan kelgan har bir kishi majburiy ko‘rikdan o‘tkazilishini e'lon qildi va 3ta davolash markazini tashkil etdi.

1 fevraldan boshlab, Xubeydan keyin ikkinchi markaz maqomidagi Chjetszyan shahridagi Venchjou shahri komendantlik soatini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, har bir oila bir nafar oila a'zosini tayinlashi, faqat shu tayinlangan kishilargina har ikki kunda zarur buyumlarni sotib olish uchun uydan chiqishi mumkin edi. 4 fevraldan Chjetszyan markazi Hanchjou barcha qishloqlar, turar-joylar va ishchi bo‘linmalari mehmonlarga yopilishini e'lon qildi. Ushbu joylarga kirgan va undan chiqayotganlar tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishlari shart qilib belgilandi. Rezident bo‘lmaganlar va avtoulovlar qat'iy nazoratga olindi.

Xuddi shu kuni Yuetsin, Ninbo, Chjenchjou, Lini, Harbin, Nankin, Syuychjou va Fuchjou shaharlari xuddi shunday yondashuvni boshladi. Jumadyan va Xenan shaharlari har bir oilaning bir nafar a'zosiga har 5 kunda bir marta zaruriy ehtiyoj mollarini sotib olish uchun tashqariga chiqishiga ruxsat berilganini e'lon qildi.

Bir necha hafta davomida fabrikalar yopildi yoki ishlab chiqarish qisqartirildi. Ular qayta ochilganda esa xavfni kamaytirish choralari ko‘rildi.

Ko‘plab mahalliy hokimiyatlar epidemiyani nazorat qilish uchun cheklovlar joriy etishdi. Maktablarni yopib qo‘yish, hududlarga kirib-chiqishni taqiqlash va sayohatni cheklash kabilar shular jumlasidan. Mamlakatning ko‘plab qismlarida smartfonlarga asoslangan sog‘liqni saqlashni kuzatish tizimi joriy etildi.

Cheklovlar qanday bekor qilindi?
10 aprel kuni Tianshannet Shinjonda 53 kun davomida koronavirusga chalinish bilan yangi holat qayd etilmagani va bu hududda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar yo‘qligi haqida xabar berdi. Uhan shahrida ham qariyb 11 hafta davom etgan cheklovlar bekor qilindi.

Mamlakatda zavodlar va boshqa korxonalarning faoliyati qayta tiklangach, epidemiyaning oldini olish uchun keng ko‘lamli choralar ko‘rildi. Tana haroratni tekshirish, qo‘lni tez-tez yuvish, dezinfeksiyalash, niqob taqish, uyali telefon orqali sog‘liqni saqlash dasturini joriy qilish, jamoat transportida harakatlanmaslik, ijtimoiy masofa saqlash, kontaktlarni kuzatish va oynalarni ochib xonalarni shamollatib turish kabi ehtiyot choralari shular jumlasidan.

Mavjud vaziyat qanday?
4 avgust kuni Xitoyda yana 36ta yangi holat (bir kun oldin 43ta) aniqlangan bo‘lib, ushbu mamlakat ayni paytda dunyo koronavirus reytingida 29-o‘rindan joy egallagan.

Xitoy milliy sog‘liqni saqlash komissiyasining bayonotiga ko‘ra, 31 iyul kuni koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni orta boshlagan. Shu kuni mamlakat bo‘ylab 127ta yangi holat aniqlangan, ularning faqat 4tasi xorijdan kelganlar bilan bog‘liq. Aholi orasidagi 123ta yangi holatdan 112tasi Shinjon-uyg‘ur muxtor hududida, 11tasi esa Liaoning provinsiyasida aniqlangan. Shinjonda 16 iyul kuni virusga chalinish bilan bog‘liq ilk ichki holat aniqlangandi. Ehtiyot chorasi sifatida esa ushbu hududdan boshqa viloyatlarga reyslarni amalga oshirish cheklab qo‘yilgandi.

«Xitoy: koronavirusdan keyingi hayot»da nimalar aks etgan?
Yaqinda ARTe (Madaniy dasturlarni olg‘a suruvchi Yevropa bepul televizion tarmog‘i) tomonidan Xitoyning normal hayotga qaytish jarayoni aks etgan hujjatli film e'lon qilindi. «Xitoy: koronavirusdan keyingi hayot» deb nomlangan mazkur filmda karantin va komendantlik soatlari joriy etilgan Xitoy manzalarini, shuningdek, cheklovlar bekor qilingandan keyingi bugungi hayot tarzini ko‘rish mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top