19:50 / 05.08.2020
9895
«Test natijasiga qarash yo‘q. Klinik alomatlar bormi, bemor davolanishga muhtoj» - Mutaxassis

AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zolari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari tomonidan koronavirus bilan bog‘liq bugungi vaziyat va davolashning yangi strategiyasi bo‘yicha ma'lumot berildi.

Tadbirda hozir koronavirus bilan parallel ravishda pnevmoniya ham rivojlanayotgani, pnevmoniya koronavirus bilan birga ko‘rilishi, tashxislanishi kerakligi haqidagi savolga javob berildi.

«Tomoq og‘rig‘i, isitma kabi klinik alomatlar bo‘lsa, ana shu belgilar birgalikda kechsa, ular o‘zining yashash joylari bo‘yicha poliklinikalariga murojaat qilib, Covid-19’ga tekshirilishi kerak.

Nima uchun? Ba'zi insonlarda og‘iz, burundan olinadigan PZR tahlili bir necha kundan keyin olingan bo‘lsa, virus chiqmasligi ham mumkin. Lekin virus o‘pka to‘qimasiga o‘tgan bo‘lishi ham mumkin.

Bu zotiljam deb aytilyapti, lekin buni to‘g‘ri tushuntirish kerak. Bu avvalgidagidek zotiljam emas. Bu o‘pka to‘qimasining orasidagi biriktiruvchi to‘qima, qon-tomirdagi endoteliy qavatining zararlanishi.

Pulmonologlar zotiljamni askultatsiya qilganda eshitadigan bo‘lsa, bu kasallikda fonendoskop orqali eshita olmaymiz. Shuning uchun bunday hollarda raqamli rentgen uskunalaridan foydalanamiz. Agar imkoniyat bo‘lsa, multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) qilinishi kerak. Hansirash, yo‘tal, ko‘krak qafasida qisishlar paydo bo‘lsa, isitma chiqishi va 3-4 kun ko‘proq davom etishida yashash joyi bo‘yicha oilaviy poliklinikaga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Umumiy amaliyot shifokori o‘zi ko‘rib, tavsiya berishi kerak», dedi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Parpiyeva.

Ushbu savol yuzasidan Koronavirusga qarshi kurashish shtabining yana bir a'zosi Laziz To‘ychiyev ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Misol uchun, bemor o‘zini yomon his qildi, nafasi siqa boshladi, zotiljam alomatlari bor. Shunday holatda maxsus test natijasini kutadi.

Natija manfiy bo‘lsa, tushunarsiz holat yuzaga keladi: bu Covid-19’mi yoki yo‘qmi? Mana shunday holatlarda yangi chiqqan qo‘llanmamizda shart qo‘yilmagan, tahlil topshirib, uning natijasi bo‘yicha Covid-19 aniqlanganda degan so‘zlarni umuman olib tashladik. Agar bemorda klinik alomatlar bo‘lsa, birinchi navbatda ana shu klinik alomatlarning Covid-19’ga to‘g‘ri kelmasligini hisobga olamiz, ikkinchi navbatda kasallikning og‘irligini belgilaymiz. Shundan keyin ambulator sharoitda uyda yoki poliklinika yoki statsionarda davo muolajalarini boshlaymiz. Musbat yoki manfiy natijaga qarash yo‘q. Klinik alomatlar bormi, demak u bemor davolashga muhtoj», - dedi Laziz To‘ychiyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top