Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qo‘mitasi Jyenevada yig‘ilib, COVID-19 pandemiyasini tugagan deb e’lon qilish mumkinmi yoki yo‘qligini muhokama qilishni boshladi.

O‘tgan yil oxirida tashkilot rahbari koronavirus bilan bog‘liq favqulodda holat tez orada bekor qilinishiga umid bildirgandi, biroq Xitoyda koronavirus tarqalishi keskin avj olishi va 2023 yil boshida o‘lim holatlari soni global ko‘payishi bu prognozlarni shubha ostiga qo‘ymoqda.
JSST koronavirusni global pandemiya deb e’lon qilganidan uch yil o‘tib, tashkilotning Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ushbu kasallik hali ham dunyo aholisi uchun jiddiy xavf tug‘diradimi yoki yo‘qligini baholamoqda.
Mutaxassislar o‘z xulosalarini JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesusga ma’lum qiladi, ular asosida pandemiya holatini o‘zgartirish yoki saqlab qolish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
Kasallik tarqalishi hozirda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatdir. Bu JSST tasnifiga ko‘ra tahdidning eng yuqori darajasidir.
Ritorika o‘zgardi
O‘tgan yil sentabr oyida Gebreyyesus pandemiya tugashiga oz vaqt qolganiga ishonch bildirgan va dekabrda uning 2023 yilda tugashiga umid bildirgandi.
O‘sha paytda, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kovid bilan bog‘liq o‘lim holatlarining o‘rtacha soni haftasiga 10 000 kishini tashkil etgan – bu 2022 yil yanvariga nisbatan besh baravar kam.
Biroq, o‘tgan hafta JSST rahbari dekabr oyidan beri dunyo bo‘ylab koviddan vafot etganlar soni ko‘payganidan xavotirda ekanini bildirdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz hafta ichida dunyoda 170 ming kishi koviddan vafot etgan va bu faqat ro‘yxatga olingan o‘limlar, haqiqiy raqamlar ancha yuqori, dedi Gebreyyesus matbuot anjumanida.

















