Jahon | 03:31 / 16.02.2023
8489
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi

Mutaxassislar Xitoy hamkorlik qilishni istamagani bois, surishtiruv to‘xtatilganini e’lon qilishdi.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashiklotining (JSST) koronavirus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha o‘tkazayotgan surishtiruvi «boshi berk ko‘chaga kirib qoldi». Bunga Xitoyning ushbu masalada hamkorlik qilishdan bosh tortishi sabab bo‘lgan. Surishtiruv ishlari to‘xtatilgan.

Politico nashrining yozishicha, koronavirus laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi nazariya yo‘qolgani yo‘q, ammo u qo‘shimcha o‘rganish va yangi ma’lumotlarga muhtoj.

Koronavirusning kelib chiqishini o‘rganuvchi ilmiy guruh 2022 yil iyun oyida yangi tadqiqotlarni, jumladan, Xitoyning Uhan shahridagi biologik laboratoriyalarni tekshirishni so‘ragan edi. Biroq, Xitoy ushbu laboratoriyalarga kirishga ruxsat bermadi. Shundan so‘ng, surishtiruvning ikkinchi bosqichi qoldirilgani e’lon qilindi. Endi ma’lum bo‘lishicha, JSST COVID-19 bo‘yicha texnik rahbari Mariya van Kerxove «ikkinchi bosqich yo‘q» deb aytdi.

«Xitoy ikkinchi bosqich surishtiruvi o‘tkazilishi uchun laboratoriyalarga kirishga ruxsat berishi va ma’lumot taqdim etishi kerak. Agar bu sodir bo‘lmasa, koronavirusning kelib chiqishini aniqlash harakatlari to‘xtab qoladi», dedi JSST vakili Tarik Yasarevich.

JSST virusning kelib chiqishi haqidagi hisobotni 2021 yil mart oyida Uhanga safar qilgan mutaxassislarga tayanib e’lon qildi. Ular koronavirus manbasini aniqlay olmadilar, biroq virusning ko‘rshapalaklardan oraliq hayvon orqali odamga yuqqan bo‘lishi ehtimoli katta degan xulosaga keldilar.

14 may kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken JSST tomonidan olib borilayotgan surishtiruv natijalaridan mamnun emasligini va ishni davom ettirish lozimligini aytdi.

2023 yil fevral oyida AQSh Respublikachilar partiyasi pandemiyaning kelib chiqish sabablari bo‘yicha yangi surishtiruvni boshladi.

Vakillar palatasining nazorat va hisobot bo‘yicha qo‘mita raisi Jyeyms Komer koronavirus Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyadan tarqalganini da’vo qildi.

«Qo‘mita tergovi allaqachon uchta asosiy faktni aniqladi: ko‘plab dalillar shuni ko‘rsatadiki, COVID-19 Uhan laboratoriyasidan tarqalgan va Xitoy Kommunistik partiyasi uni yashirgan; Amerika soliq to‘lovchilarning mablag‘lari ko‘rshapalaklar koronavirusi bo‘yicha xavfli tadqiqotlar o‘tkazish uchun Uhan laboratoriyasiga berilgan; doktor Fauchi (AQSh immunolog va infeksionist olimi) bu ma’lumotni pandemiyaning boshida bilgan va virusning laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi ma’lumotni yashirishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin», dedi Komer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruvni davom ettirish va asoslangan qarorlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar kerak.

Mavzuga oid