20:25 / 11.08.2020
6769
Navoiy viloyatida yana oltin o‘g‘rilari qo‘lga olindi

2020 yilning 9 avgust kuni taxminan soat 23:50lar atrofida Markaziy kon boshqarmasi Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi alohida tezkor komandasi nazoratchilari tomonidan, Navoiy viloyatidagi Bessopan sanoat maydoni hududi yaqinida tarkibida oltin bo‘lgan ma'dan o‘g‘irlayotgan shaxslar qo‘lga olingan.

Markaziy kon boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qo‘lga olinganlar Buxoro viloyati Shofirkon tumani «Denov» MFYda yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan Sh.H., 1980 yilda tug‘ilgan Q.T., 1996 yilda tug‘ilgan O.Q. hamda 1978 yilda tug‘ilgan Z.R. bo‘lib, ular oldindan til biriktirib, tarkibida oltin mavjud bo‘lgan qum va toshlarni noqonuniy ravishda qazib olayotgan paytda ushlangan.

Shundan so‘ng, voqea joyidan 36 dona polietilen qoplarda joylangan jami 1550 kilogramm og‘irlikdagi tarkibida oltin bo‘lgan qum va toshlar daliliy ashyo sifatida olindi.

Markaziy kon boshqarmasiga qarashli «Muruntov koni» markaziy laboratoriyasi tahliliy xulosasiga ko‘ra, bir tonna qum va toshlar tarkibida 20,98 gramm oltin mavjudligi ko‘rsatilgan.

Ayni paytda jahon qimmatbaho metallar birjasida 1 gramm oltin bahosi 666 ming 703 so‘m. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, 1550 kilogramm qum va toshlar tarkibida 35,52 gramm oltin mavjud bo‘lib, narxi 23 million 681 ming 321 so‘mni tashkil qiladi.

Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Xatirchi tumanda yashovchi «oltin qazuvchilar» Uchquduq tumanida qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi. 

Top