07:58 / 14.08.2020
25319
Bosh prokuratura Bobomurod Abdullayevning Qirg‘izistonda hibsga olingani yuzasidan izoh berdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qirg‘iziston hududida jurnalist Bobomurod Abdullayevning hibsga olinganligi yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining so‘roviga asosan, 1993 yil 22 yanvardagi «Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida»gi Minsk Konvensiyasiga muvofiq, Bobomurod Abdullayev Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan.

«Hozirgi kunda uning O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinishi masalasi hal qilinmoqda», - deyiladi mahkama izohida.

Bobomurod Abdullayev 9 avgust kuni Bishkekdagi qahvaxonalarning birida Qirg‘iziston MXQ xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

10 avgust kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Abdullayevni 8 sentyabrga qadar hibsda saqlash bo‘yicha qaror olgan edi.

O‘z navbatida, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum ham vaziyat yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning may oyi boshida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Bobomurod Abdullayev yuqorida ko‘rsatilgan modda bo‘yicha aybdor deb topildi va ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda uch yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.

Top