13:22 / 15.08.2020
47066
Tizimsizlik. «Barselona»ni qutqarishi mumkin bo‘lgan 4 gol haqida

“Bavariya” va “Barselona” o‘rtasidagi farq haqida gap borganida, Setenning Flikka, Messining Levandovskiga mag‘lubiyati sifatida baholash oson, ammo agar vaziyatga chuqurroq qarasak, bu yerda klublar rahbariyati, sport direktorlari, boshqaruvda tizimli va tizimsiz boshqaruv haqidagi farqlarni ko‘ramiz.

Foto: AFP

Nemislar 2013 yildan beri YeChL finaliga chiqa olishmayapti, “Barselona” esa, oxirgi besh yilda to‘rt marotaba yarimfinalsiz qoldi. Ya'ni, aslida ichki chempionatlardagi muvaffaqiyatlar har ikki klubni qoniqtirmayotgani, rivojlanish va kuchayish yo‘lida qandaydir rejalar, harakatlarni amalga oshirayotgan bo‘lishlari lozim. Bu jarayon esa, bu klublarda turlicha kechayotgani kechagi o‘yinda, hali uchrashuv boshlanmasdan ham ma'lum edi. Messining Kataloniyadagi o‘rni, uning foydasi yoki zarari haqida hadeb gapiraverish ham noto‘g‘ri, keling, boshqa tarafdan qaraymiz.

Masalan, transferlar qanday o‘lchovlarda sodir bo‘lmoqda? “Barselona” Neymar ketganidan so‘ng, uchta yozda 775 million yevroga futbolchilarni sotib oldi. Keling, birma bir ko‘rib chiqamiz.

2017/18. Usmon Dembele (138 million yevro), Paulino (40 million), Semedu (36 million), Mina (12 million), Koutino (145 million), Marlon (5 million)

2018/19. Malkom (41 million), Langle (36 million), Artur (31 million), Vidal (18 million)

2019/20. Grizmann (120 million), De Yong (75 million), Neto (26 million), Brautuyeyt (18 million), Firpo (18 million), Emerson (12 million), Kukurela (4 million)

To‘g‘ri, bu davrda jamoani Neymardan tashqari, Turon, Xavi, Inesta, Maskerano kabi yetakchi futbolchilar tark etishdi, ularni o‘rnini bosish qiyindir, ammo 780 million yevro pul sarflangandan keyin, demak bu futbolchilar jamoa tarkibida o‘ynash uchun sotib olingan, to‘g‘rimi? Mana shu 17 futbolchidan atigi 4 tasi kechagi muhim o‘yinda asosiy tarkibda tushirildi. “Barselona” kecha YeChL tarixidagi eng yoshi katta tarkibini tushirganining sababi shu yerda yashiringandir?

Klub oxirgi uch mavsumda uch marotaba 120-150 million yevrolik transferni amalga oshirdi. Bu darajadagi summaga futbolchi olib kelish uchun, yetti marta o‘lchanadi, rejalashtiriladi, ya'ni bu summaga kelgan futbolchi kelajakda jamoaning asosiy yulduzi bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi? “Bavariya”ga qarshi mavsumning eng muhim o‘yinida bu uch futbolchining birortasi ham asosiy tarkibda maydonga tushmagani “Barselona” rahbariyatining haqiqiy mag‘lubiyati emasmi? Har uchala transfer transferlarda xato qilinadigan uch mohiyatni ochib beradi:

Usmon Dembele – Neymarni yutqazib qo‘ygandan so‘ng, “Barselona” rahbariyatining go‘yoki, hali ham katta transferlar amalga oshirishga layoqatli ekanini namoyish qilish uchun shoshilinch tarzda amalga oshirilgandi. Atigi bir mavsum o‘zini ko‘rsatgan futbolchi uchun 138 million – natija – uch mavsumda atigi 28 foiz o‘yinlarda maydonga tushgan fransuz 11 gol urdi.

Filipe Koutino – klub ushbu futbolchi ketidan deyarli olti oy yurdi, ammo shu darajada jiddiy kirishilgan transfer sport nuqtai nazaridan puxta o‘ylangan bo‘lishi kerak. Inestaning o‘rnini bosishi ko‘zda tutilgan Koutino aslida butunlay boshqa amplua, boshqa ustunlik va kamchiliklarga ega ekanini hech kim payqamadi. Natijada, murabbiylar shunday yirik transferdan qanday foydalanishni bilishmadi. 145 million – natija – YeChL chorak finalida 2 gol va 1 pas, faqat raqib jamoa tarkibida.

Antuan Grizmann. Jamoa 120 millionlik transferni amalga oshirgach, jamoa o‘yini ushbu futbolchi atrofida ham qurilishi, mos taktika va sxema ishlab chiqilishi kerakdek. Yangi davrga qadam tashlashda muhim figura bo‘lishi kerak bo‘lgan Antuan hali ham tarkibda o‘z o‘rnini topgani yo‘q. Bu yerda ham futbolchini ayblash mushkul, u biror marta “Atletiko” yoki Fransiya terma jamoasi safida o‘zini namoyish qila olgan ampluada o‘ynagani yo‘q. Unda nega va kimning talabi bilan bu futbolchi sotib olindi, degan savol tug‘iladi. 120 million yevro – natija – mavsumda 9 gol, YeChL ning eng muhim o‘yinidagi zaxira o‘rindig‘i.

Endi kechagi o‘yin qahramonlariga e'tibor qaratamiz:

Ikkinchi golni Ivan Perishich urdi. “Inter”ga tegishli futbolchi. Bir yillik ijara uchun 5 million yevro to‘langan. Nemislar uni 15 millionga sotib olish imkoniga egalar, ammo bu muzokaralar YeChL o‘yinlari tugaguncha kechiktirib turilibdi. Perishich keyingi o‘yinlarda ham kechagidek harakat qilsa, sotib olinishi mumkin.

Serj Gnabri “Arsenal”da o‘zini ko‘rsata olmagach, “Verder”da yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. “Bavariya” 8 million yevro evaziga sotib oldi va “Xoffenxaym”ga ijaraga berdi. So‘nggi ikki yilni myunxenliklar safida o‘tkazayotgan futbolchi 22 gol urdi. Birini “Barselona” darvozasiga.

Goretska 2 yil oldin erkin agent sifatida tekinga qo‘lga kiritilgan, Filipp Koutinoning ijarasi uchun 8.5 million yevro to‘lab kelishmoqda, 19 yoshli Devis ikki yil oldin 10 million yevroga “Vankuver”dan sotib olingan.

Albatta, omillar qulog‘idan tortilayotgandek ko‘rinishi mumkin sizga, zero “Bavariya”da ham omadsiz xaridlar bor – masalan, Tolisso yoki Renato Sanches kabi. Ammo xatolar doim bo‘ladi, muhimi, yuqoridagi misollar o‘sha xatolarning o‘rnini to‘ldirmoqda. “Barselona”da esa, bu kabi omadli, nishonga urilgan transferlarni nafaqat so‘nggi bir-ikki, balki oxirgi besh yilda ham topa olmaymiz. Jamoa asosini hali ham 2015 yilgi YeChL finalida g‘alaba qozongan Pike, Buskets, Messi va Suareslar tashkil qilmoqda, eng yomoni, mana shu davraga to‘liq qo‘shila olgan birorta transfer amalga oshirilmadi so‘nggi besh yilda.

Ha, o‘tgan davrda “Barselona”da murabbiylar almashdi, Enrike, Valverde, Setenlar bir-biridan farqli – uning davrida amalga oshirilgan xaridlar bunisiga to‘g‘ri kelmay qolishi mumkin. Ammo go‘yoki, Bartomeuni oqlash uchun ishlatiladigan bu mulohaza, aslida uning zarariga ishlaydi. So‘nggi davrlarda “Bavariya”da ham ko‘p murabbiylar ishladi – Gvardiola, Anchelotti, Xaynkes, Kovach, Flik, lekin nega bunday muammolar nemislarda ko‘zga tashlanmadi?

Sababi, “Bavariya”da tizim ishlaydi va barcha qarorlar ma'lum mantiqiy yo‘nalishda va strategiya asosida qabul qilinadi. Qabul qilinayotgan murabbiylar ham klubning umumiy g‘oyasiga, mavjud tarkib va vazifalarga qanchalik mosligiga alohida ahamiyat qaratiladi, ma'lum ma'noda murabbiylar oldingisining ishini davom ettiradi. Klubdagi sport kengashi avvalo mana shu qadriyatlarni ustun ko‘rishadi, kerak bo‘lganda, Gvardiolani ham so‘roqqa tuta oladilar. Chempionlar Ligasida har qanday holatda, hatto inqiroz davrida ham g‘alaba qozonish mumkin, buni Zidan ham isbotlab bo‘lgan. Ammo tizim klubga barqarorlik beradi – 10 yilda 8 marta yarimfinal ishtirokchisi bo‘lish, masalan.

“Barselona”da esa, oxirgi yillardagi qarorlar tushunarsiz, chunki yaqqol yo‘nalish, tizim yoki strategiyani ko‘rmaysiz. Bayonotlar, qarorlar xuddiki, Bartomeuning saylovda yutishga qaratilgan poppulizmiga o‘xshaydi. Rostan ham shundaydir balki.

Tizimsizlar nafaqat futbolchilarni sotib olishda, balki murabbiylarni iste'foga chiqarib, tayinlashda ham ko‘rinadi. Valverdega Ispaniya kubogida “Valensiya”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng imkoniyat berildi, ammo keyingi mavsumning oxirigacha qoldirishmadi. Zero dekabrda jamoa 1-o‘rinda ketayotgan, iste'fo amalga oshgan o‘yin – “Atletiko”ga qarshi uchrashuv esa, “Barselona”ning bu mavsumdagi top raqiblariga qarshi eng yaxshi, mazmunli o‘yini edi. Mag‘lubiyatga uchralgan bo‘lsa ham. Shuningdek, Valverde jamoa yetakchilari bilan ham juda yaxshi munosabatda bo‘lgan, Messi, Suares, Pike kabi futbolchilar ushbu iste'foga qarshi bo‘lishgan. Agar mavsumning qolgan yarmida ham aynan shu futbolchilarga tayanilar ekan, ularni qoniqtiradigan murabbiyni o‘rniga, umuman ichkari muhitda muammolar yaratgan Seten va uning yordamchisini olib kelishdan mantiq qani?

Messi fenomeni qaysidir ma'noda, “Barselona”ning rivojlanishiga, yangilanishiga halaqit berayotgan bo‘lsa-da, bu yerda asosiy muammo – yuqorida. Chunki agar aniq strategiya va yo‘l belgilansa, shunga mos tarzda harakatlar amalga oshirilsa, Messi bilan ham yangi jamoa qurish mumkin. Argentinalik hujumchi jamoaning yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun, kuchayishi uchun o‘z pozitsiyasini, balki ampluasini o‘zgartirishga qarshi bo‘limasligiga ishonaman. Lekin qani o‘sha aniq reja?

Aksincha, aynan Messining individual mahorati va gollari “Barselona” rahbariyatidagi xatolarni, harakatsizlikni, ahmoqona qarorlarni “yashirib” kelmoqda. Uning ba'zi o‘yinlardagi gollari “Barselona”ni ba'zida Ispaniya chempioni, ba'zida YeChL yarimfinalchisiga aylantirdi. Ammo undan ortig‘iga yetmasligi ko‘rinib turibdi.

Har qanday jamoaning umri bo‘ladi. Mana shu umr poyonini ko‘ra olmaslik, e'tibor bermaslik, bu safar ham o‘xshab qolar, qabilida o‘zgarishlarga qo‘l urmaslik doim sharmandalik bilan tugaydi. Germaniya JCh-98 da Xorvatiyadan shunday zarba qabul qilgan, Fransiya keyingi chempionatni sharmandali tark etgan, Ispaniya futboldagi o‘zgarishlarni tan olmay, JCh-2014 da Niderlandiyadan qaqshatgich zarba qabul qilgan. Bu bir qoidaki, hatto Messi ham qutqarib qola olmas ekan.

Shu nuqtai nazardan, kechagi yirik mag‘lubiyat nafaqat “Bavariya” yoki “Real”, balki “Barselona” muxlislarini ham xursand qilishi kerak. Chunki, 2:1 ga o‘xshash mag‘lubiyatda butunlay boshqa sabablari izlanishi, xuddi oldingi yillar bo‘lganidek, Messi yoki Suaresning qandaydir vaziyatdan foydala olmaganliklari asosiy planga chiqib, bu masxarabozlik yana bir yilga, Bartomeuning postdan ketishiga qadar cho‘zilishi mumkin edi.

Endi esa, nafaqat Seten, balki sport direktorlari Abidal va Planes, direktor Oskar Graular ham iste'foga chiqayotganliklari aytilmoqda. Bu yaxshi xabar.

Agar Koutino kecha amalga oshirgan so‘nggi 3 gol mana shunday o‘zgarishlarga sabab bo‘lsa, yuqoridagi bir fikrimni qaytarib olaman – Filipe Koutino “Barselona”ning so‘nggi besh yildagi eng foydali transferi!

Qahramon Aslanov

Top