00:01 / 23.08.2020
43591
Bobomurod Abdullayev onasining iltimosini inobatga olgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi  

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati jurnalist Bobomurod Abdullayevning Qirg‘izistondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi holati bo‘yicha ma'lumot berdi.

“22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston fuqarosi, 1973 yilda tug‘ilgan Bobomurod Qodirovich Abdullayev ekstraditsiya qilindi va uning advokati ishtirokida hamda qonunda ko‘zda tutilgan barcha protsessual huquqlar ta'minlangan holda tegishli tergov harakatlari amalga oshirildi.

Bobomurod Abdullayevning onasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgani inobatga olinib, Abdullayevdan ehtiyot chorasi sifatida munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olindi”, deyiladi DXX rasmiy bayonotida.

DXX matbuot xizmati taqdim etgan videolavhada Bobomurod Abdullayevning prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaati aks etgan.

Abdullayev murojaatida Bishkekdan Toshkentga olib kelinishi jarayonida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari unga insoniy munosabatda bo‘lishganini ta'kidlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Abdullayevning onasi O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilgan.

“Onam sizga taqdirimdan xavotir olib murojaat qilgan ekan. Shu onaizorning murojaatini yerda qoldirmay ko‘rib chiqibsiz. Sizdan Alloh rozi bo‘lsin, kattadan-katta rahmat, hurmatli Shavkat Miromonovich”, deydi Bobomurod Abdullayev.

Abdullayev O‘zbekiston prezidentining insonparvarlik yo‘nalishida olib borayotgan siyosati albatta o‘z mevasini berishiga ishonch bildirgan hamda onasining va o‘zining murojaatini inobatga olgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Top