22:45 / 23.08.2020
7000
Sindzo Abe Yaponiya bosh vaziri lavozimini uzoq vaqt egallash bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe mahalliy vaqt bilan 24 avgust, dushanba kirgandan keyin Yaponiya tarixida bosh vazir lavozimida uzluksiz uzoq vaqt qolish bo‘yicha 1-o‘ringa chiqib oldi. U 2012 yil dekabrda bosh vazir lavozimida ikkinchi muddati boshlangandan beri hukumatga uzluksiz ravishda 2799 kun boshchilik qilib kelmoqda.

Foto: Reuters

65 yoshli Abe bu borada sobiq bosh vazir Eysaku Satoning rekordini yangiladi. Sato 1964 yil 9 noyabrdan 1972 yil 7 iyulgacha hukumatga boshchilik qilgan.

2019 yil noyabrda Abe Yaponiya tarixida bosh vazir lavozimida uzoq qolish bo‘yicha yetakchiga aylangandi. U XX asr boshida Yaponiya hukumatiga boshchilik qilgan Katsura Taroning rekordini yangilagandi.

Abe 2018 yilda mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasining raisi etib 3-muddatga qayta saylangan. Shu tariqa, u hukumatga 2021 yilgacha rahbarlik qilish imkoniyatini olgan. Bu muddat partiya nizomiga ko‘ra Abe uchun oxirgisi bo‘lishi kerak.

Abening bosh vazir lavozimidagi birinchi muddati roppa-rosa bir yil - 2006 yil 26 sentyabrdan 2007 yil 26 sentyabrgacha davom etgan. U kasalligi tufayli ushbu lavozimni belgilangan muddatdan erta tark etishiga to‘g‘ri kelgan. U 2012 yilgi umumiy saylovlardagi g‘alabadan keyin o‘sha yilning dekabridan hukumatga ikkinchi marta rahbarlik qila boshlagan. Abening tarafdorlari unga iqtisodiy islohotlar va Tokioda Olimpiada o‘tkazish uchun ko‘proq vaqt berilishi talabi bilan bir necha marotaba chiqishgan.

Top