09:26 / 25.08.2020
2933
2020–2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlandi

Strategiya moliya sohasida mamlakatda olib borilayotgan va kelgusida rejalashtirilayotgan islohotlarning aniq maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlarini bir hujjatda birlashtiradi.

Vazirlar Mahkamasining “2020–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu qaror Xalqaro valuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi.

Strategiya moliya sohasida mamlakatda olib borilayotgan va kelgusida rejalashtirilayotgan islohotlarning aniq maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlarini bir hujjatda birlashtiradi.

2018 yilda Jahon bankining PEFA uslubiyati bo‘yicha o‘tkazilgan amaldagi budjet tizimining tahlili, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalari hamda Xalqaro valuta jamg‘armasining shaffoflik Kodeksi asosida fiskal siyosat ochiqligi yuzasidan o‘tkazilgan diagnostik baholash natijalari Strategiyani ishlab chiqish uchun asos bo‘ldi.

Strategiya davlat moliyasi to‘g‘risida jamoatchilikka keng qamrovli ma'lumotlar berish va shaffoflikni ta'minlash, samaradorlik va natijadorlikka bosqichma-bosqich erishishga qaratilgan fiskal siyosatga o‘tish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish hamda budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyati va javobgarligini oshirish kabi 6 ta asosiy yo‘nalishga bo‘lingan.

Ular:

1-yo‘nalish. Soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;

2-yo‘nalish. Makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta'minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyatini oshirish;

3-yo‘nalish. Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas'uliyatini kuchaytirish;

4-yo‘nalish. Fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;

5-yo‘nalish. Budjet hisobi standartlarini birxillashtirish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

6-yo‘nalish. Budjet ma'lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta'minlash.

Top