00:23 / 25.08.2020
5355
Turkiya Abu-Dabi amirligi valiahdining yaqin maslahatchisini xalqaro qidiruvga berdi
Foto: Ali Jarekji / Reuters

Turkiya BAAning Abu-Dabi amirligi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning yaqin maslahatchisi Muhammad Dahlonni hibsga olmoqchi. Bu haqda Middle East Monitor nashri xabar berdi

Ta'kidlanishicha, rasmiy Anqara Interpolga Dahlonni qo‘lga olish talabi bilan rasmiy ariza yo‘llagan. Dahlon Turkiyada josuslar tarmog‘ini tashkil etishda va 2016 yildagi harbiy qo‘zg‘olonga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Turkiyada Dahlon anchadan beri eng qidiriluvchi jinoyatchilardan biri sanaladi. Uning qayerdaligi haqidagi ma'lumot uchun hattoki 10 mln turk lirasi (385 ming dollar) miqdorida mukofot puli ham tayinlangan.

Muhammad Dahlon Falastin rahbari Mahmud Abbosning xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi bo‘lib, bungacha Falastinning FATH partiyasi a'zosi hisoblangan.

Ta'kidlanishicha, Ol Nahayon maslahatchisining xalqaro qidiruvga berilishi BAA va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash haqidagi sulh tuzilgani e'lon qilingandan keyin yuz bergan. 13 avgustda AQSh prezidenti Donald Tramp ikki davlat AQSh vositachiligida o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga kelishib olganini ma'lum qilgan.   

BAA Isroil bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan uchinchi arab davlati bo‘ldi. Avvalroq Isroil bilan tinchlik sulhi tuzishga 1979 yilda Misr va 1994 yilda Iordaniya muvaffaq bo‘lgan.

 

Top