12:41 / 28.08.2020
13849
OTM professor-o‘qituvchilari va xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilandi

OTMlarning professor-o‘qituvchilarini va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida OTM budjetidan tashqari mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

Foto : KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, hujjat bilan respublika oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, OTMlarning professor-o‘qituvchilarini va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida OTM budjetidan tashqari mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

Pul mukofotlari har bir xodimning mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari, OTM faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun OTM rahbariyati tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilash orqali beriladi.

Moddiy rag‘batlantirish nafaqat bir xodim uchun, balki OTM rahbariyati yoki boshqa boshqaruv organlari tomonidan jamoatchilik ishlarini bajargan butun bir jamoa, kafedra, fakultet, ilmiy laboratoriya va boshqa bo‘linmalar xodimlariga ham berilishi mumkin.

Professor-o‘qituvchilarga ish haqi uchun ustama haq va qo‘shimcha haqlar Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 5 iyuldagi 236-son qarori 6-bandiga muvofiq budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan bir oylik maoshgacha bo‘lgan miqdorda tabaqalangan holda belgilanadi.

OTMning boshqa toifadagi xodimlariga esa - OTM kasaba uyushmasi tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra oliy ta'lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilanadigan miqdorlarda to‘lanadi.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchi va xodimlarga ustamalar hamda moddiy rag‘batlantirish turlari va miqdorlari moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, mustaqil belgilanadi.

Ustama haqlarini qat'iy mezonlarga muvofiq belgilash va to‘lash uchun javobgarlik OTM rahbari zimmasiga yuklanadi.

OTM rahbariyatiga bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etgan xodimlar moddiy rag‘batlantirilmaydi.

Top