10:45 / 03.09.2020
22198
O‘zbekistonda yangi qo‘mita tashkil etildi

Pillachilik va qorako‘lchilikni jadal rivojlantirishni ta'minlash, pillachilik va qorako‘lchilik klasterlarini tashkil qilgan holda xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish maqsad qilingan.

Prezident “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

2021 yil 1 iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, teri va junni qayta ishlash, go‘sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha qorako‘lchilik klasterlari tashkil qilinadi;

klasterlarga qorako‘l zotli qo‘ylarini boqishga mo‘ljallangan, shu jumladan, o‘rmon bilan qoplanmagan o‘rmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga beriladi;

klasterlarga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar yuklanadi;

klasterlar Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

2021 yil 1 yanvardan boshlab klasterlarga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4567-son qarori 2-bandida nazarda tutilgan 120 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalar berish tartibi qo‘llaniladi;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi a'zolari – klaster ishtirokchilariga mayda shoxli nasldor mol xarid qilish va ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, ozuqa bazasini yaratish, yarim tayyor va tayyor, shu jumladan, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash hamda binolarni rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2020-2023 yillarda ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, loyihalar hajmi, soni va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan valuta turidan qat'i nazar, tijorat banklari tomonidan o‘rnatilgan foiz stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiyalar beriladi;

Uyushma a'zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etildi.

Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifasi etib belgilandi:

pillachilik va qorako‘lchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni ta'minlash;

tut plantatsiyalari va yaylovlarning qat'iy hisobini yuritish va fondini o‘rganish, shuningdek, pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;

ipak qurti va qorako‘l zotli qo‘ylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;

 

pilla va qorako‘l terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;

marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ipak va qorako‘ldan tayyorlangan mahsulotlarni eng avvalo tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish;

pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga o‘z faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish;

Belgilanishicha:

a) qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan barcha yaylovlar Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkaziladi;

b) yaylovlar klasterlarga Qo‘mita tomonidan mustaqil ravishda, shu jumladan, nol stavkada ijaraga beriladi;

v) o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlaridagi yaylovlar keyinchalik Qo‘mita tomonidan klasterlarga, shu jumladan, nol stavkada ikkilamchi ijaraga berish uchun O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan Qo‘mitaga nol stavkada ijaraga beriladi;

g) quyidagilar klasterlarni tashkil qilish shartlari hisoblanadi:

Qo‘mita, tashabbuskor hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida tashabbuskorga yaylovni ijaraga berishni, shuningdek, tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuzilishi;

tashabbuskor tomonidan yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar qabul qilinishi;

d) naslchilik chorvachilik sub'yektlarini davlat attestatsiyasidan o‘tkazish va naslchilik chorvachilik xo‘jaligi maqomi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish qorako‘lchilikka taalluqli qismida Qo‘mita bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan Yaylovlarni xatlovdan o‘tkazish va holatini o‘rganish bo‘yicha komissiya tashkil etildi.

Komissiya 2020 yil 15 oktyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan mavjud yaylovlar Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkazilishini ta'minlagan holda, yalpi xatlovdan o‘tkazadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2020 yil 1 noyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan yaylovlarni xatlov natijalari yakunlariga ko‘ra Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkazadi.

Quyidagilar:

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ixtiyoridan;

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti –Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ixtiyoridan;

Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – “O‘zchorvanasl” agentligi ixtiyoridan Qo‘mitaga o‘tkaziladi.

Top