23:10 / 04.09.2020
5437
Aviakompaniyalar yo‘lovchilarga klapanli niqoblarda uchishni taqiqlamoqda 
Foto: Korrespondent

Bir necha yirik aviakompaniyalar klapanli niqoblarda bo‘lgan yo‘lovchilar samolyotga qo‘yilmasligidan ogohlantirdi. Ularning ta'kidlashicha, bunday niqoblar boshqa yo‘lovchilarning himoyasini yetarlicha ta'minlamasligi mumkin. Bu haqda avianews.com nashri xabar berdi

Klapanli niqoblarni taqiqlagan aviakompaniyalar orasida Air Canada va Lufthansa Group ham bor.

Klapanli niqoblardan foydalanish qulay bo‘lib, u nafas olishda havoni filtrlash yo‘li bilan himoyani ta'minlaydi, biroq nafas chiqarishdagi havoni tozalamaydi. Shu sababli ushbu niqoblar boshqa yo‘lovchilarning ishonchli himoyasini ta'minlamaydi. Aviakompaniyalar o‘z qarorlarini aynan shu holat bilan asoslashgan. 

Bundan tashqari, Lufthansa Group’da boshga taqiluvchi shaffof ekranlarni ham yuz niqoblari o‘rniga ishlatib bo‘lmasligiga e'tibor qaratilgan. Ushbu himoya ekranlari nafas chiqargandagi tomchilarning yuz ro‘parasidagi qismida tarqalishiga yo‘l bermaydi, ammo tomchilar ekranning chetidan tashqariga tarqalishi mumkin. Shu sababli ushbu himoya vositalarini ham uncha ishonchli deb bo‘lmaydi.

Niqob taqilishi kasal odamdan infeksiyaning tarqalishi oldini olishi yoki uning xavfini kamaytirishi kerak. Ba'zi hollarda koronavirus infeksiyasi simptomlarsiz kechgani sababli, yuz va burunni qoplovchi himoya vositalari ko‘plab davlatlarda katta yoshli yo‘lovchilar uchun majburiy qilib belgilangan.

Ba'zi aviakompaniyalar tibbiy sabablarga ko‘ra niqob taqmaslikka ruxsat bermoqda, biroq buning uchun shifokorning buni tasdiqlovchi hujjatini taqdim qilish yoki parvoz oldidan koronavirusga tahlil topshirish kerak bo‘ladi.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top