13:22 / 04.09.2020
23904
Tramp Tehronni eronlik taniqli sportchini qatl etmaslikka chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumatini eronlik taniqli sportchi Navid Afqariyga chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini bekor qilishga chaqirdi. 27 yoshli kurashchiga Erondagi norozilik namoyishlarida faol ishtirok etgani va politsiyani o‘ldirgani uchun ikkita o‘lim jazosi hukmi chiqarilgan.

Donald Tramp va Navid Afqariy

“Eron yetakchilariga yuzlanmoqchiman. Men bu yigitning hayoti saqlanib qolishi va u qatl etilmasligini yuqori baholagan bo‘lardim. Oldindan minnatdorman!”, deb yozgan Tramp tvitterda. 

Tramp o‘z xabarida kurashchi Erondagi “iqtisodiy vaziyat yomonlashayotgani”ga qarshi noroziliklarda ishtirok etganini ta'kidlab o‘tgan.

Afqariy bir qator milliy va xalqaro musobaqalar sovrindori hisoblanib, AQSh prezidenti uni “buyuk va mashhur kurashchi” deb atagan. 

Navid bilan birga uning ikki akasi ham hibsga olingan. Sud ularning barchasini hukumatga qarshi guruh shakllantirish, politsiyachini o‘ldirish va 2018 yil yozida o‘tgan tartibsizliklarda faol ishtirok etishda aybdor deb topgan. O‘shanda mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yomonlashganiga qarshi o‘tgan ommaviy noroziliklar qattiqqo‘llik bilan bostirilgan edi.

Avvalroq sobiq kurashchi ikkita o‘lim, 6 oylik qamoq hamda 74 marta qamchilash jazosiga hukm qilingan. Uning akasi Vohid 54,5 yillik qamoq va 74 marta qamchilash jazosiga tortilgan. Yana bir akasi Habib esa 27 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, unga 54 marta qamchilash jazosi tayinlangan. 

15 avgustda Eron oliy sudi Navidga avvalroq chiqarilgan o‘lim jazosini o‘z kuchida qoldirgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Afqariyga bu jazo hukmi 2018 yil sentbyarda Shiroz shahrida politsiyachining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha chiqarilgan. AQSh davlat departamentining ta'kidlashicha, eronlik sportchi hibsga olingandan keyin qiynoqlarga solingan va shundan keyin sodir etmagan qotillik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. 

Aka-ukalarning onasi videomurojaat yozib, unda o‘g‘illari ustidan o‘tkazilgan sud jarayonini “adolatsiz va soxta” deb atagan.

Top