15:59 / 09.09.2020
16882
Jahon rekordi sari oshiqayotgan Ronaldu, Zidanga yetib olgan Grizmann va JCh-2018 finalining takrori. Millatlar ligasining eng muhim 7 voqeasi

O‘tgan bir hafta davomida - 3 sentyabrdan 8 sentyabrgacha Yevropada milliy jamoalar ishtirokidagi UYeFA Millatlar ligasining 1-2-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘tgan 54ta o‘yin atrofi va yakunlariga ko‘ra, Tribuna.uz haftaning eng muhim 7 voqeasini saraladi.

Serxio Ramos — eng yaxshi to‘purar himoyachi

UYeFA Millatlar ligasi 2-turidan keyin Ispaniya milliy jamoasi himoyachisi Serxio Ramos gollari soni bo‘yicha milliy jamoalar himoyachilari orasida eng yaxshi to‘purarga aylandi.

Ramos turnirning 2-turi doirasidagi Ispaniya - Ukraina (4:0) uchrashuvida dublga erishdi. Natijada Serxioning Ispaniya milliy jamoasi safidagi gollari soni 23taga yetdi va u bu borada argentinalik sobiq himoyachi Daniel Passarellani (22ta gol) ortda qoldirib, to‘purar himoyachilar orasida 1-o‘ringa chiqib oldi.

Ispaniya milliy jamoasi A liga 4-guruhida 2-turdan keyin 4 ochko bilan peshqadamga aylandi. Ispanlar Germaniya bilan durang qayd etgan bo‘lishsa (1:1), ukrainaliklarni yirik hisobda (4:0) mag‘lub etishdi.

JCh-2018 finali takrorlangan o‘yinda Grizmann Zidanga yetib oldi

Seshanba oqshomida o‘tkazilgan musobaqaning 2-turi doirasidagi Fransiya – Xorvatiya o‘yinida 2018 yilgi jahon chempionati ssenariysi takrorlandi.

Moskvadagi o‘yin singari «Stad de Frans»da o‘tgan bahsda ham 4:2 hisobi qayd etilib, Dide Desham qo‘l ostidagi fransiyaliklar ustun kelishdi. Ikki yil avvalgi finalda bo‘lgani kabi bu safar ham fransuzlar hujumchisi Antuan Grizmann Xorvatiya jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi.

«Barselona» forvardining ushbu goli uning Fransiya milliy jamoasi safidagi 31-goli sifatida qayd etildi. Natijada Antuan milliy jamoa tarixidagi gollari soni bo‘yicha 5-o‘ringa chiqib olib, bu borada afsonaviy yarimhimoyachi Zineddin Zidanga yetib oldi. Fransiya milliy jamoasi safidagi eng yaxshi to‘purar Terri Anri sanaladi. Uning hisobida 51ta gol mavjud.

Dunyo rekordi sari oshiqayotgan Ronaldu

UYeFA Millatlar ligasi 2-turi doirasida Portugaliya milliy jamoasi safarda Shvetsiya ustidan g‘alabaga erishdi (2:0). O‘yinda portugaliyaliklar forvardi Krishtianu Ronalduning dubli mehmonlarga 3 ochkoni keltirdi.

Bu gollar «Yuventus» goleadori uchun milliy jamoa libosidagi 100 va 101-gollar sifatida qayd etildi. E'tiborlisi, Ronaldu ko‘hna qit'a milliy jamoalari orasida 100ta gol urgan ilk yevropalik futbolchiga aylandi.

Krishtianu milliy jamoada kiritilgan gollari soni bo‘yicha jahon rekordini yangilashga yaqin kelmoqda. Bu boradagi rekord Eron milliy jamoasi afsonasi Ali Daiyga tegishli bo‘lib, u forslar tarkibida 109ta golga mualliflik qilgan. Shunday qilib, Ronalduning dunyo rekordini takrorlashi uchun mamlakati jamoasi safida 8ta gol qoldi.

106 yil ichidagi eng yosh debyutant

«Renn» yarimhimoyachisi Eduardo Kamavinga Millatlar Ligasi doirasida Fransiya milliy jamoasi safida Xorvatiyaga (4:2) qarshi bahsda debyut qildi.

Opta'ning ma'lumotiga ko‘ra, Kamavinga Fransiyaning 106 yil ichidagi eng yosh debyutantiga aylandi – 17 yoshu 10 oylik. Yarimhimoyachi milliy jamoadagi eng yosh debyutantlar orasida uchinchi bo‘lib turibdi. Rekordchi –Jyulen Verbrujye (1906 yil, 16 yoshu 10 oylik), ikkinchi o‘rinda esa Moris Gastige (1914 yil, 17 yoshu 4 oylik).

Holanddan ilk gollar va ajoyib statistika

Norvegiya milliy jamoasi musobaqaning 2-turi doirasidagi Shimoliy Irlandiyaga qarshi maydonga tushib, yirik 5:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

Ushbu o‘yinda norvegiyaliklar forvardi Erling Holand dublga erishdi. E'tiborlisi, bu gollar «Borussiya» forvardining milliy jamoadagi dastlabki gollariga aylandi. 20 yoshli forvard 2020 yilda ajoyib statistika ega: 20 o‘yinda 19ta gol.

Foden va Grinvud Angliya milliy jamoasidan chetlatildi

Millatlar ligasidagi hafta mojarosi Angliya milliy jamoada ro‘y berdi.

«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Fil Foden va «Manchester Yunayted» hujumchisi Meyson Grinvud milliy jamoa ixtiyorida karantin qoidalarini qasddan buzishgan. Qayd etilishicha, Islandiyaga qarshi o‘yindan keyin yosh futbolchilar milliy jamoa joylashgan mehmonxonaga ko‘ngilxushlik uchun begona qizlarni chaqirishgan. Mehmonlardan biri ijtimoiy tarmoqda bu haqda ma'lum qilgach, futbolchilarning yashirin hatti-harakati oshkor bo‘lgan. Natijada Foden va Grinvud Angliya milliy jamoasidan chetlatilib, Islandiyadan Manchesterga qaytarib yuborilgan.

Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt Foden va Grinvudning hatti-harakatini qoralab, bu jiddiy masala ekanligini ta'kidlagach, futbolchilar barchadan uzr so‘rashgan.

Mbappe koronavirus yuqtirib oldi, Chexiya milliy jamoasi infeksiya o‘chog‘iga aylandi

Chexiya milliy jamoasining o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga chaqirilgan asosiy tarkib futbolchilarining aksariyatida koronavirus aniqlangach, qolgan barcha futbolchilar infeksiya tarqalishi xavfi tufayli jamoani tark etishdi.

Shu sababli Chexiya milliy jamoasi murabbiylar shtabi Millatlar Ligasi doirasida Shotlandiyaga qarshi o‘yinga 24 nafar futbolchini chaqirishdi, shulardan 22tasi debyutantlardir. Yakunda Chexiya o‘z maydonida Shotlandiyaga (1:2) hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Shuningdek, Fransiya milliy jamoasi tarkibiga kelib qo‘shilgan Kilian Mbappeda ham koronavirus aniqlandi. Shvetsiyaga qarshi bahsda yagona goli bilan Fransiyaga g‘alaba keltirgan 21 yoshli hujumchida 2-tur doirasidagi Xorvatiya bilan o‘yindan oldin COVID-19 infeksiyasi aniqlangan va u xorvatlarga qarshi maydonga tushmadi.

Top