Bugun kuchli beshlikdagi uch chempionatda mavsum yakuniga yetadi. Bizni bir qator syurprizlar kutib turgan bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilgi chempionlar «Yuventus» va «Liverpul» hatto YeChL yo‘llanmasidan quruq qolish xavfi ostida qolishgan bo‘lsa, Parij taxtni «Lill»ga topshirishga yaqin.

Italiya: «Yuventus»ning taqdiri «Atalanta» qo‘lidami?

Italiyada chempion ham, A Seriyani tark etadigan jamoalar ham ma'lum bo‘lib ulgurdi. Asosiy savol Chempionlar Ligasiga beriladigan ikki yo‘llanmaga da'vogarlik qilayotgan uch jamoadir. «Inter»dan tashqari, «Atalanta» ham (78 ochko) to‘rtlikdan joy olib ulgurdi. Zero beshinchi o‘rindagi «Yuventus» (75 ochko) so‘nggi turda bergamoliklarga yetib olgan taqdirda ham, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, «Atalanta» yuqoridan joy oladi. Gomes, Ilichich kabi yetakchilarni ketkazib yuborib ham, A Seriya va Italiya kubogida 2-o‘rin, Chempionlar ligasida guruhdan chiqish vazifasi uddalangani Gasperini shogirdlari uchun ajoyib natija.

«Atalanta» bugun «Milan»ni (76 ochko) qabul qiladi. Shuningdek, «Verona»ni o‘z maydonida qabul qiladigan «Napoli»da ham 76 ochko bor. Demak, «Milan» va «Napoli» o‘z o‘yinlarini yutadigan bo‘lishsa, «Yuventus» har qanday natija qayd etishidan qat'i nazar, beshinchi o‘rinda qolib ketadi. «Milan» va «Napoli»ning to‘rtlikka kirish imkoniyati o‘z qo‘llarida qolgan.

Agar «Milan» va «Napoli» ochko yo‘qotib, «Yuventus» ularni quvib o‘tadigan bo‘lsa, bu ikki jamoadan qaysi biri to‘rtinchi o‘rinda qoladi? «Milan». Chunki milanliklar o‘zaro o‘yinlarda «Napoli»ni safarda 3:1 hisobida yutib, o‘z maydonlarida 0:1 yutqazgan. Ya'ni agar «Milan» va «Napoli» so‘nggi turda bir xil ochko to‘playdigan bo‘lishsa, «Milan» to‘rtlikda qolib, «Napoli» beshinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin.

7 ochko tepadan, 7 ochko pastdan farq bilan 6-o‘rinni egallab turgan «Latsio» Yevropa Ligasi yo‘llanmasini naqd qilgan. Yuqoridagi raqobatda mag‘lub bo‘lib, YeChLdan quruq qolgan jamoa unga sherik bo‘ladi. Rimning boshqa bir klubi «Roma» (61 ochko) esa, yangi tashkil etilayotgan Konferensiyalar Kubogida ishtirok etish huquqini beruvchi 7-o‘rinni egallab turibdi. «Roma»ni «Sassuolo» (59 ochko) quvib o‘tishi mumkin. Yangi turnir YeChL va YeLda ishtirok etib yuradigan jamoalarga «yoqmasligini» e'tiborga olsak, rimliklar iloji bo‘lsa, bu turnirdan qochish uchun so‘nggi turda yutqazishsa ham hayron qolmaslik kerak.

A Seriya. 38-tur. 23 may / TV-translatsiya