10:04 / 15.09.2020
1837
Lyuis Hemilton politsiyachilarni hibsga olishga chaqirig‘i uchun jazolanishi mumkin
Foto: Gettyimages.ru

Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) “Mersedes” jamoasi poygachisi, “Formula-1”ning amaldagi chempioni Lyuis Hemiltonni Italiyada o‘tgan Toskana bosqichidagi xatti-harakatlari uchun jazolashi mumkin. 

Poygalarning 6 karra chempioni Toskanadagi poyga oldidan hamda uning taqdirlash qismida “Brionna Teylorni o‘ldirgan politsiyachilarni hibsga oling” degan yozuvli futbolkada paydo bo‘lgan. Poygachi shu yo‘l bilan AQShning Luisvill shahrida yuz bergan hodisaga e'tibor qaratmoqchi bo‘lgan.

Qora tanli Brionna Teylor 2020 yil martida o‘z uyida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan. Politsiyachilar uyda giyohvand moddalar saqlangan deb taxmin qilishgan. Biroq u yerda hech qanday taqiqlangan moddalar topilmagan. Voqea vaqtida qiz bilan yashagan yigit uyga o‘g‘rilar bostirib kirdi degan o‘yda, politsiyachilarga qarata o‘t ochgan. Politsiyachilar ham bunga javoban o‘q uzishni boshlashgan. Oqibatda Brionnaga 8 ta o‘q tegib, u halok bo‘lgan. 

Poygachining aytishicha, u irqchilik muammosiga qarshi kurashishni davom ettirmoqda.

“Men ba'zi odamlar ko‘chada, ba'zilar esa o‘z uyida o‘ldirilishiga e'tibor qaratmoqchi bo‘ldim. Ular [politsiyachilar] boshqa uyga kelishgan va hamon ozodlikda yurishipti. Biz bunga befarq qaray olmaymiz va bu nohaqliklar haqida atrofdagilarni xabardor qilishni davom ettirishimiz lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Hemilton. 

Biroq poygachining ushbu harakatlaridan “Formula-1” rahbarlari norozi bo‘lishgan. 

“Hemilton mumkinlik chizig‘ini kesib o‘tdi. FIA nizomi musobaqalar vaqtida har qanday siyosiy chiqishlarni taqiqlaydi. Federatsiya bu voqea yuzasidan tergov o‘tkazmoqchi, Hemiltonni jazo kutmoqda”, deb aytgan FIA’dagi manba.

Britaniyalik poygachi “qirollik poygalari”da irqchilik va boshqa tahqirlashlarga qarshi poygachilar birdamligi aksiyasi tashabbuschisi hisoblanadi.

Top