12:40 / 15.09.2020
12266
«Hali yomoni oldinda». Yevropa iqtisodiyoti korona-inqirozdan qanday chiqmoqda?

Yevropaliklar koronavirus pandemiyasining birinchi to‘lqinini amerikaliklarga qaraganda tezroq yengib o‘tishdi, bu dunyo iqtisodiyotida hajm borasida ikkinchi o‘rinda turuvchi Yevropa Ittifoqiga so‘zsiz yetakchi - AQSh bilan o‘rtadagi farqni yopish imkoniyatini beradi. Ko‘hna qit'a mamlakatlari birin-ketin g‘amgin baho va prognozlarini qayta ko‘rib chiqishmoqda va tiklanish borasida hisobot berishyapti, ammo iqtisodchilar bu sakrash vaqtidan avval tashlangan qadam bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: EPA

Siyosatchi va amaldorlar statistika bilan bir-birlariga maqtanishyapti: ishlar avval faraz qilinganchalik yomon emas. Ayni paytda, iqtisodchilar yetakchi ko‘rsatkichlarni xavotir bilan rasshivrovka qilib, xulosalar chiqarishyapti: ishlar kutilganidan ham yomonroq bo‘ladi. Ular bir necha oy davom etgan lokdaun to‘g‘onidagi teshiklar orqali zo‘r berib ko‘tarilgan ishbilarmonlik hayotining bo‘ronli oqimi qanday qilib tezda o‘z kuchini yo‘qotib, oddiy botqoqqa aylanishini ko‘rishmoqda. 

Bahorgi karantindan charchagan yevropaliklar yozda sochlarini qirqishdi, ta'tilga chiqishdi, restoranlarga va sayohatlarga borishdi. Iqtisodiyot qayta tiklandi, so‘ngra virus ham qaytdi va yangi lokdaun ehtimolini uyg‘otdi. Rasmiylar bunga javoban yangi cheklovlarni joriy qilishdi va iste'molchilar yana katalaklariga qamalib qolishdi: ta'til tugadi, bolalar maktabga qaytishdi va buning oqibati noma'lum. Turizm kabi ba'zi sanoat tarmoqlari esa hali ham koma holatida. 

«Bahorgi sho‘ng‘ishdan keyingi qaytgan kuch kuzgacha yetadi, ammo so‘nggi ma'lumotlar tashvishli ahvolni tasvirlayapti: qayta tiklanish g‘ayrati deyarli tugagan», deydi har oy Yevropadagi 5 mingta firma o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, biznes kayfiyatini o‘rganuvchi IHS Markit bosh iqtisodchisi Kris Uilyamson. 

Oxford Economics tadqiqotchilari muqobil xulosaga kelishdi.

«Tiklanish birinchi bosqichda kuchli edi, ammo avgust oyida asosiy mamlakatlarda Covid-19 holatlari sonining ko‘payishi bilan o‘sish sur'atlari barqarorlasha boshladi. So‘nggi haftalarda u deyarli to‘xtab qolgan», deb yozmoqda ular va yilning so‘nggi choragida (oktabr-dekabr) yevropaliklar biznes, aholi va xazinaning ba'zi virusli yo‘qotishlarini qaytarib olishga umid qilgan taxminlarning yomonlashishini bashorat qilishmoqda. 

Pessimistlar statistik ma'lumotlarga emas, balki odamlarning harakatlanishi va metropoliten, yo‘llar, restoranlar va kinoteatrlarning tirbandligi to‘g‘risidagi katta ma'lumotlar to‘plamlari tahlillari va so‘rovnomalarga tayanishgan. Bunday «yumshoq» ko‘rsatkichlar, ayniqsa, vaziyat shiddat bilan va kutilmagan darajada rivojlanib borayotgan inqirozli davrda juda mashhur bo‘lib, bundan ikki-uch oy avvalgi statistik o‘lchovlar bo‘yicha yo‘l tanlash ma'nosiz bo‘lib qoldi.

Endi bu «yumshoq» ko‘rsatkichlar iste'molchilar va ishchilarning odatiy hayotga qaytishi infeksiyaning kuchayishi va yangi cheklovlar tufayli uzilishlar bilan davom etayotganini ko‘rsatmoqda, Yevropa mamlakatlari hukumati esa bu kuz va qishda umumiy lokdaundan qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da qochish umidida ushbu qo‘shimcha choralarni joriy etishmoqda. 

Zombi inkubatori
Pessimizmning ikkita asosiy sababi bor. Birinchidan, koronavirusning ikkinchi to‘lqini xavfi. Ikkinchidan, davlatning ulkan ko‘magi kamayishi xavfi. 

Barselona plyajlari huvillab qolgan. Turizm kabi bir qancha sohalar inqirozdan chiqishni boshlay ham olmadi / REUTERS

YeI mamlakatlari biznes va fuqarolarga 5 trillionga yaqin yevro va'da qilgan. Bu hatto o‘ta boy Yevropa Ittifoqi uchun ham juda katta miqdordagi mablag‘ hisoblanadi - yillik YaIMning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i. 

Ushbu xarajatlar tufayli Yevropa ishsizlik, ommaviy bankrotlik va undan ham kattaroq iqtisodiy tanazzulning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ko‘pgina mamlakatlardagi hukumatlar lokdaun davrida qisqartirishga tushgan xodimlar o‘z ish joyidan haydalmasligi uchun ularning maoshini budjet hisobidan to‘lashga rozi bo‘ldi. Statistika bu chalkashlikni yaxshi aks ettiradi: ikkinchi chorakdagi inqiroz davrida YeIning 27 mamlakatida ish bilan bandlik 3 foizga, ishlangan soat soni esa 13 foizga kamaydi, deyiladi Yevrostat xabarida. 

Germaniya singari ba'zi davlatlar hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishni hech bo‘lmaganda yana bir yil davomida qisqartirmaslikka va'da berishmoqda, boshqa kambag‘alroq mamlakatlar bu yukdan xalos bo‘lishga shoshilishyapti. Ularning xarajatlari o‘sib bormoqda va yeb bitirilmoqda. Istiqbolli kelajakka sarmoya kiritish o‘rniga, ular bo‘lajak avlodlar uchun qarz qoldirishyapti. 

Iqtisodiyotning umumiy ishlab chiqarish unumdorligi esa butun sanoat tarmoqlarining subsidiyali ishlamay qolishi bilan pasayib ketadi, bu tiklanishni faqat sekinlashtiradi va soliq to‘lovchilar qonini so‘radigan «zombi biznesi»ni keltirib chiqaradi. 

Bunday sharoitda na bu va na kelasi yil biz pandemiyagacha bo‘lgan hajmiga qaytishga va iqtisodiy o‘sishga umid bog‘lash mumkin emas, deya ogohlantirdi Germaniyaning eng yirik Deutsche Bank banki rahbari Kristian Zeving. 

«Inqirozga qarshi hukumat ko‘magi va deyarli kechiktirilgan bankrotliklar mamlakatdagi har oltinchi kompaniyani zombiga aylantirishi mumkin. Buning oqibatlari jiddiy bo‘ladi», dedi u sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Handelsblatt bank konferensiyasida.

Bankirlar «zombilar» subsidiyalarni yo‘qotishi bilanoq, ular bankrot bo‘lishlari va kreditlar uchun to‘lovlarni to‘xtatib qo‘yishlaridan qo‘rqishadi. Germaniya banklarini nazorat qiluvchi moliyaviy regulyator BaFin ularning xavotirlari bilan o‘rtoqlashadi. 

«Biz bundan unchalik oson chiqmaymiz, bu aniq. Eng yomoni hali oldinda», dedi BaFin rahbari Feliks Hufeld.

Metrolar hali-beri avvalgidek gavjum bo‘lmaydi / REUTERS

U vaziyat yomonlashgan vaziyatda banklar va moliya kompaniyalarining taxminan 20-30 foizining barqarorligiga shubha qilmoqda, deya Hufeldning so‘zlarini keltiradi Reuters. 

Agar tushumlarsiz inqiroz tufayli banklar qulay boshlasa, iqtisodiy inqirozga 2008-2009 yillarda dunyoni larzaga solgan moliyaviy inqiroz qo‘shiladi. 

O‘sha «katta tanazzul»dan keyin yetakchi iqtisodiyotlar tiklanishi uchun kamida 5-7 yil vaqt ketdi, ishsizlik esa inqirozgacha bo‘lgan darajaga 9 yildan keyingina qaytdi. Hozirgi inqiroz ulkanroq: urushdan keyingi yuz yillikdagi eng dahshatli holatga aylanadi.

Yo‘qotilgan o‘n yil
Iqtisodiy o‘sishdagi inqirozli tanaffus dunyoni bir necha qadam orqaga qaytaradi, bir necha yil, hatto o‘nlab yillar behuda ketadi. Yetib olish uchun yanada tezroq yugurish kerak - muammo ham shunda. 

Dunyo har bir keyingi inqirozdan keyinroq va yanada keyinroq chiqadi, deb hisoblashadi olimlar. O‘rtacha holatda yirik moliyaviy zarbalardan besh yil o‘tgach rivojlangan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti, o‘sish inqirozda tanaffussiz davom etganda ham, taxminan 9 foizga kam. 

YaIM pasayishi - ya'ni ishlab chiqarish, iste'mol, sarmoyalar va eksportning umumiy hajmi - qashshoqlikning kuchayishi, jamiyatning tabaqalanishi va ijtimoiy, siyosiy va xalqaro keskinliklarga tahdid soladigan hayot sifatining yomonlashishini o‘z ichiga oladi.

Shuning uchun Yevropada tiklanish tezligi dunyo uchun juda muhimdir, chunki YeI sayyoradagi asosiy va eng boy bozor hisoblanadi: deyarli yarim milliard kishi va yiliga 14 trillion dollarlik mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish va iste'mol qilish.

Iqtisodiyot yana ortga qaytishi va kasallik holatlari o‘sishi bolalar maktabga qaytishidan oldin boshlangandi. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Ammo hozircha, Yevropa jonlanishga ulgurmay, zaiflashmoqda.

Bu ayniqsa YeI iqtisodiyotining eng katta ulushiga to‘g‘ri keladigan muhim xizmat ko‘rsatish sohasida seziladi. Shuningdek, sanitariya me'yorlari va taqiqlari qat'iy bo‘lgan mamlakatlarda, xususan, Italiya va Ispaniyada buni kuzatish mumkin, deb ta'kidlaydi IHS Markit vakili Kris Uilyamson. 

Boshqa tomondan, kuchli sanoat va eksportga ega mamlakatlar global talabning tiklanishidan foyda ko‘ryapti. Yaqinda Germaniya joriy yil prognozlarini biroz yaxshilab oldi va endi YaIMning 5,8 foizga qisqarishi kutilmoqda, YeI iqtisodiyoti esa umumiy hisobda rekord darajada 8,3 foizga pasayishi kutilyapti. 

Fransiya ham prognozni yaxshilashga tayyorlanmoqda, deb vatandoshlarini ruhlantirdi moliya vaziri Bryuno le Mer. Biroq, uning qo‘li ostidagilar quvonishga hali ertaligi haqida ogohlantirishdi. 

«Iqtisodiy tiklanish cheklovlar bekor qilinganidan keyingi ikkinchi chorak oxirida qayd etildi, ammo hozirgi kundan boshlab yil oxirigacha uning sur'ati pasayadi», deb xabar berdi Fransiyaning Insee statistika agentligi so‘nggi tahlilida. 

Natijada, iyul-sentabr oylaridagi «asosan texnik» 17 foiz o‘sishga qaramay, kuzning o‘rtalariga kelib iqtisodiyot inqirozgacha bo‘lgan davrdan 5 foizga kam bo‘ladi.

«Texnik» bo‘lsa ham, 17 foizlik choraklik o‘sish  ta'sirlantirgan bo‘lardi - agarki bir oy avval Insee 19 foizga va'da qilmaganda. Bu esa prognozni yomon tomon tarafdan qayta ko‘rib chiqishning yagona holati emas.

«Inqirozgacha bo‘lgan darajaga tez qaytish, ayrimlar o‘ylaganidek amalga oshadigan ish emas. Yaqin oylarda tezlashishning barcha oddiy retseptlari tamom bo‘lgani oydinlashadi va iqtisodiyot sekinlashadi», deya Germaniyaning Landesbank Baden-Württemberg banki iqtisodiyotchisi Yyens-Oliver Niklashning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.

Rasmiylar buni tushunishadi va iqtisodiyotni zo‘riqtirmoqchi emas. O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqining 19 davlati moliya vazirlari fevral oyidan buyon birinchi marta yuzma-yuz uchrashishdi va inqirozga qarshi xarajatlarni kamaytirmaslikka kelishib olishdi.

«Iqtisodiyot budjet mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlanishi davom ettiriladi, bu borada hech qanaqa to‘xtash ko‘zda tutilmayapti», dedi Yevroguruh yig‘ilishidan keyin uning raisi, Irlandiya moliya vaziri Paskal Donoxyu.

Top