22:23 / 16.09.2020
7227

Islandiya futbol assotsiatsiyasi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan ofatdan jabr ko‘rganlarga insonparvarlik yordami jo‘natdi

Sardoba suv omborida yuzaga kelgan ofat tufayli jabr ko‘rganlar holati chet elda faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning ham e'tiboridan chetda qolmadi, deya yozadi O‘FA rasmiy sayti.

«Bir qator xorijiy tashkilotlar ushbu falokat jabrdiydalariga doimiy tarzda gumanitar yordamlarini jo‘natib turdi.

E'tiborlisi, bu jarayon hali hamon davom etmoqda. Islandiya futbol assotsiatsiyasi Sardoba suv ombori falokatidan aziyat chekkan oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida turli xil sport kiyim-kechaklarini yubordi.

Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari ushbu insonparvarlik yordamni o‘z egalariga taqdim etish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joylashgan umumta'lim va bolalar va o‘smirlar sport maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarga mazkur sport kiyimlari topshirildi. 

Ularga Islandiya hukumati, xalqi nomidan yo‘llangan Islandiya futbol assotsiatsiyasining iliq so‘zlari yetkazildi. O‘z maktablarida yaxshi ta'lim olib, sport bilan muntazam shug‘ullangan holda kelajakda O‘zbekiston sharafini jahon arenalarida munosib himoya qilishlari zarur ekanligi yana bir bor ta'kidlandi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Avvalroq, O‘FA va bir qator futbol klublari ham Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib xayriya ishlariga qo‘l urgandi.

Mavzuga oid
Top