16:26 / 16.09.2020
5998
Maktab o‘qituvchilarining 80 foizdan ortig‘i PZR usulida tekshirildi – shtab a'zosi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Botir Qurbonov fuqaroning: «Hozirda maktablarda barmoqdan qon olib, koronavirus uchun tekshiruv o‘tkazilyapti. «SES»da burundan surtma olib tekshirishyapti. Bir odamda ikkala test bir-biriga mos kelmayapti. Qaysi test to‘g‘ri?» deya bergan savoliga javob qaytardi.

Foto: iStock

«PZR bu – kasallikni tashxislashning maxsus tekshiruv usuli hisoblanadi. Unda odamning burni va tomoqning orqa tomonidan surtma olinib, tekshirilganda kasallik yuqtirilganidan keyin uning hattoki yashirin davrida ham aniqlash imoniyati bo‘ladi.

Ikkinchi, ya'ni immunoferment usulida maxsus antitanachalar tekshiriladi. Antitanachalar tekshirilganida organizmda kasallik kechayotgan vaqtida immunoglobulin M va kasallikdan to‘liq sog‘aygan vaqtda, organizmda immunitet xosil bo‘lgani to‘g‘risida immunoglobulin G tasdiqlanishi mumkin.

Agar immunoglobulin M ham, immunoglobulin G ham tasdiqlanmasa, ushbu shaxs mazkur kasallik bilan kasallanmagan, degan nisbiy javob olish mumkin. Shuni nazarda tutgan holda, barcha maktablardagi pedagoglarda Maxsus komissiyaning topshirig‘iga binoan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahrida pedagoglar o‘rtasida ushbu tekshiruvlar deyarli tugatilib, ba'zi maktablarda kasallangan pedagoglar aniqlangani munosabati bilan qayta tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Respublika bo‘yicha pedagoglar orasida 80 foizdan ortiq shaxs PZR usulida tekshirilganini kuzatishimiz mumkin», – deya Botir Qurbonovning 16 sentabr kungi brifingdagi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shtab a'zosi tekshiruvlar natijalariga doir aniq raqamlarni taqdim etmadi.

Eslatib o‘tamiz, 15 sentyabrdan boshlab Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40- va 262-sonli maktablarda an'anaviy darslar koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top