08:24 / 16.09.2020
6752
Yaponiya hukumati to‘liq tarkibda iste'foga chiqdi

Yaponiyaning endilikda sobiq bosh vaziri Sindzo Abe hukumati 16 sentyabrda Liberal-demokratik partiya raisi Yosixide Suga bosh vazir lavozimiga kirishishi oldidan to‘liq tarkibda iste'foga chiqdi.

Yaqin soatlarda Yaponiya parlamenti yangi bosh vazir lavozimi uchun ovoz beradi. Odatda ushbu lavozimni hukmron Liberal-demokratik partiya raisi egallaydi. U so‘ngra yangi hukumat tarkibini e'lon qiladi. Ta'kidlanishicha, hukumatdagi muhim lavozimlarda Abe hukumatiga kirgan vazirlarning o‘zi qoladi. 

Gap tashqi ishlar vaziri (Tosimitsu Motegining o‘zi qoladi), moliya vaziri (Taro Aso), davlat yerlari, infratuzilma, transport va turizm vaziri (Kadzuyosi Akaba), Olimpiada va Paralimpiada ishlari bo‘yicha vazir (Seyko Xasimoto), mamlakat iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha vazir (Yasutosi Nisimura), iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri (Xirosi Kadziyama) kabi lavozimlar haqida bormoqda.    

Biroq mudofaa vaziri lavozimini Sindzo Abening ukasi Nobuo Kisi egallashi kutilmoqda. Bu lavozimni egallagan Taro Kono davlat xizmati islohotlarini o‘tkazish uchun mas'ul bo‘ladi.

Suga 14 sentyabrda partiya raisi saylovlarida katta ustunlik bilan g‘alaba qozongandi. U salomatligi yomonlashgani sababli iste'foga ketishga majbur bo‘lgan Sindzo Abening iqtisodiy siyosatini davom ettirishga, pandemiya vaqtida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar qabul qilishga va'da bergan. 

65 yoshli Sindzo Abe avgust oxirida bosh vazir lavozimini tark etishini e'lon qilgan. U o‘z qarorini sog‘lig‘idagi muammolar bilan tushuntirgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Abe yarali kollitdan aziyat chekadi. 

Top