21:21 / 18.09.2020
38690
Dars chog‘ida vafot etgan o‘quvchi qiz voqeasi: uni allergiya belgilari bezovta qilgani aytildi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 11-umumta'lim maktabida o‘quv yilining ilk kunida 9-sinf o‘quvchisi (qiz bola) Sh.S. dars vaqtida to‘satdan vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi.

Mazkur hodisaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz’ning Jizzax viloyatidagi muxbiri 11-umumta'lim maktabi hamda viloyat prokuraturasida bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan voqeaga berilgan turli tafsilotlarga oydinlik kiritishga harakat qildi.

Sayt muxbiri maktabga borgan vaqtda maktab direktori Xosiyat To‘rayeva telefon orqali viloyat prokuraturasidaligini ma'lum qilib, barcha savollarga direktor o‘rinbosari Vohid Soliyev javob berishi mumkinligini bildirdi.

«Maktabimiz 630 o‘rinli bo‘lishiga qaramasdan bugungi kunda 2 smenada 1265 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 14 sentabr kuni darslar boshlangan kundan buyon biror maktab o‘quvchisida tana haroratining ko‘tarilishi yoki ortiqcha bezovtalik aniqlanmagan. Marhum o‘quvchimiz Sh.S ham 16 sentabr kuni darsga kelganida barcha o‘quvchilar singari nazoratdan o‘tkazilganda, unda hech qanday kasallik alomatlari namoyon bo‘lmagan.

Biz voqeaga oydinlik kiritish uchun o‘quvchi qizimizning poliklinikadagi tibbiy ma'lumotnomalari bilan tanishib chiqdik. U joyda ham o‘tgan vaqt mobaynida Sh.S.ni biror surunkali kasallik bezovta qilmagani ko‘rsatilgan. Uning akasi ham maktabimizning sobiq bitiruvchilaridan hisoblanadi. U mazkur voqea ro‘y berishidan oldingi ikki-uch kun davomida singlisini allergiya belgilari bezovta qilganini aytdi», deydi direktor o‘rinbosari.

Maktab hamshirasi esa dars vaqtida SEXga chaqirilgani sabab, sayt muxbiri bilan uchrasha olmasligini ma'lum qildi.

Sayt muxbiri 17 sentabr kuni telefon orqali Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Abulqosim Abdusattorov bilan bog‘langan edi.

Voqea haqida yozma ma'lumot taqdim etishni va'da qilgan A.Abdusattorov bugun, 18 sentabr kuni paxta dalasida bo‘lgani sababli, viloyat prokuraturasiga murojaat qilishni so‘radi.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘razaliyevaning javoblari ham vaziyatga oydinlik kiritmadi.

Prokuratura vakilining ta'kidlashicha, hozirgi vaqtga qadar faqatgina shu ishga mas'ul bo‘lgan tergovchining sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lib, ayni vaqtda ekspertlarning yakuniy xulosasi olinmagan.

«Mazkur ish yuzasidan ekspertiza xulosasini olmasdan turib, yakuniy xulosani berib bo‘lmaydi», deydi u.

Kun.uz mazkur hodisaning tergovga qadar olib borilayotgan surishtiruv jarayonlarini ham kuzatib boradi.

Farrux Abduhamidov

Top