15:43 / 27.09.2020
11538
Tramp Ginzburg o‘rniga Oliy sud a'zoligiga nomzodni ko‘rsatdi. Bu qanday lavozim o‘zi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Rut Beyder Ginzburgning vafotidan keyin bo‘shab qolgan mamlakat Oliy sudidagi o‘ringa o‘z nomzodini taklif qildi. Tramp mamlakat huquq tizimining eng oliy tuzilmasidagi o‘ta muhim o‘ringa 48 yoshli Emi Koni Barrett nomzodini ilgari surdi.

Foto: Olivier Douliery/AFP/Getty Images

Barrett – taqvodor katolik hisoblanadi. Uning 7 nafar farzandi bor. Barrett Oliy sud hay'atidagi uchinchi ayol bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Trampning Oliy suddagi uchinchi odamiga aylanadi.

Emi Barrettning nomzodini taqvodor konservatorlar qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Chunki u abortlarga qarshi ekanini yashirmagan. Konservatorlar Barrettning kelishi bilan 1973 yilda chiqarilgan Oliy sudning abortlarga qonunan ruxsat berilishi to‘g‘risidagi qarori bekor qilinishiga umid qilmoqda.

Biroq Barrett xonimning o‘zi e'tiqodi ish faoliyatiga ta'sir o‘tkazmasligini aytib, 1973 yildagi Oliy sud qarorini o‘zgartirishga urinmasligini aytgan. U abortlar butunlay cheklanmasa ham, hech bo‘lmasa tug‘ishga yaqin qolganda amalga oshiriladigan abortlarga ruxsat berilmasligiga umid qiladi. U abortlarni amalga oshiradigan klinikalar faoliyatini ham o‘zgartirish kerak deb hisoblaydi.

OAVda Tramp ilgari surayotgan nomzod faol muhokama qilinmoqda va asosan uning e'tiqodi diqqat markazida bo‘lib turibdi. Masalan, inson huquqlarini himoya qilishini ta'kidlovchi Human Righs Campaign tashkiloti Barrettning nomzodini keskin qoralab, uni noodatiy oriyentatsiyadagi odamlar uchun xavf deb atadi. Shuningdek, Barrett a'zo bo‘lgan diniy guruhga tegishli maktablarda yoshlarga faqat qarama-qarshi jins vakillarigina oila qurishi mumkin degan g‘oyalar o‘rgatilishi ham tanqid qilingan.

Foto: Olivier Douliery/AFP/Getty Images

Emi Barrett faoliyatini Antonin Skaliya ofisida boshlagan. 2016 yilda vafot etgan bu sudya Emi Barrett o‘rnini egallashi kutilayotgan marhum Rut Ginzburg bilan do‘st bo‘lgan.

AQSh Oliy sudi qanday tuzilma?

Bu AQShning eng oliy sud instansiyasi bo‘lib yuqori darajadagi muammolar bo‘yicha hal qiluvchi qarorni qabul qiladi. Oliy sud hay'ati 9 kishidan iborat bo‘ladi va ular AQSh prezidentlari tomonidan butun umrga tayinlanadi.

AQSh Oliy sudi odatda apellyatsion instansiya ko‘rinishida ishlaydi, ya'ni chiqargan qarorlari muhokama qilinmaydi. O‘z navbatida, birinchi instansiya sudi ko‘rinishida ham ishlashi mumkin. Ya'ni, aytaylik, ikki shtat sudlashganda tomonlardan biri Oliy sud qarori bo‘yicha apellyatsiya berishi mumkin. Yoki Oliy sud ko‘rgan ish mamlakatning birinchi raqamli insonlari bilan bog‘liq bo‘lsa ham, shunday bo‘lishi mumkin.

Sudyalarning tabiiy almashinuvi natijasida (ya'ni, hay'at a'zolaridan birining vafotidan keyin o‘rniga boshqa kishi kelishi) Oliy sud vaqti-vaqti bilan biroz liberal yoki nisbatan konservativ bo‘lishi mumkin. Odatda Oliy sud Amerika jamiyatida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Oliy sud hay'atiga 1967 yilda ilk marta afroamerikalik, 1981 yilda ilk marta ayol kishi saylangan. 2009 yilda esa Barak Obama ilk marta Oliy sud a'zoligiga AQShning lotinamerikalik bo‘lgan fuqarosini o‘tkazgandi.

18 sentabr kuni Oliy sud hay'ati a'zosi Rut Ginzburg 87 yoshida vafot etdi. Mamlakatda juda katta obro‘ga ega bo‘lgan bu sudya 1993 yilda demokrat Bill Klinton tomonidan tayinlangandi. O‘sha vaqtda Oliy sud hay'atidagi boshqa 8 sudya respublikachi prezidentlar tomonidan tayinlangandi.

Rut Ginzburg 1993 yilda prezident Bill Klinton tomonidan tayinlangandi

Mamlakatning amaldagi prezidenti Donald Tramp bo‘sh qolgan o‘ringa o‘z nomzodini taklif qilgani demokratlarning tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Ularning talabiga ko‘ra, Oliy suddagi bo‘sh o‘ringa 3 noyabrdagi saylovda g‘olib chiqadigan prezident nomzod ko‘rsatishi kerak. Bu Tramp bo‘ladimi yoki demokrat Bayden farqi yo‘q, demoqda demokratlar. Qizig‘i, Ginzburgning o‘zi ham vafotidan oldin shunday degan. Tramp esa 19 sentyabrdayoq (Ginzburgning o‘limidan bir kun o‘tib) sudyani tez orada tayinlashini aytdi. 20 sentyabrda esa bu ayol kishi bo‘lishi haqida gapirdi.

Ikki ayol favorit

Foto: REUTERS

OAVda AQSh Oliy sudidagi bo‘sh o‘ringa yana ikki ayol nomzodi ko‘rilmoqda. Tramp prezidentlikka kelgach, ikki ayolni federal sudya lavozimiga tayinlagan: Emi Barrett va Barbara Lagoa.

Amerika nashrlari hozirda Barbara Lagoa o‘z va'dasida turmaganini eslatishmoqda. 2016 yilda u Floridada sudya bo‘lgan va agar uning xolisligi shubha ostiga olinsa o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etishini aytgandi.

U uch yildan keyin Federal apellyatsion sudga o‘tganida davlat oldida qarzini to‘lamagan sobiq mahbuslar ham ovoz berishda qatnasha olishi mumkinligi borasidagi shov-shuvli ishdan keyin ham o‘z ixtiyori bilan ketishi haqidagi va'dasini eslamadi. U bunga qadar bir necha marta bunday odamlar ovoz berishda qatnashishiga qarshiligini bildirgandi. O‘sha ishdan keyin Floridada 85 ming odam saylovda qatnasha olmaydi. Taqqoslash uchun, 2016 yilda Tramp bu shtatda Hillari Klintonga qaraganda 113 ming ko‘proq ovoz olgan.

Uchinchi ayol nomzod sifatida Federal apellyatsiya sudi vakili Ellison Rashing qaralmoqda. OAVda uning ismini «Ozodlik himoyasi alyansi» bilan bog‘lashmoqda. Bu tashkilot ham noodatiy oriyentatsiyaga mansub bo‘lganlar va abortlarga qarshi kurashgani bilan mashhur.

Prezident Oliy sud sudyasini ishdan olishi mumkinmi?

Yo‘q. Bu butun umrga tayinlanadigan lavozim. Oliy sud hay'atidagi 9 kishidan birini ishdan ketkazishning yagona yo‘li – jinoiy ishda aloqadorligi uchun unga nisbatan impichment e'lon qilish. AQSh tarixida esa bunaqasi hali bo‘lmagan.

Ayni damda Oliy suddagi partiyaviy qarashlar farqi – 5:3, respublikachilar foydasiga. Ya'ni, 5 nafar sudya respublikachi prezidentlar tomonidan tayinlangan. Bu shundan dalolat beradiki, AQShning keyingi ikki prezidenti islohotchi demokratlardan bo‘lsa ham, islohotlar Oliy suddagi respublikachilar ko‘pligi hisobiga konservativ nazorat ostida sodir bo‘ladi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top