Rut Ginzburg Oliy sudda liberalizm timsoli edi, ammo uni respublikachilar ham demokratlardan qolishmay qo‘llab-quvvatlardi
ALEX WONG/GETTY IMAGES

«Men yangi haftada nomzodimni ko‘rsataman. Bu ayol kishi bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu lavozimni ayol kishi egallashi kerak, chunki ayollar menga erkaklardan ko‘ra ko‘proq yoqadi», degan Tramp dam olish kunlari o‘tkazilgan miting chog‘ida.

Umrbodga saylanadigan 9 kishidan iborat Oliy suddagi mafkuraviy muvozanat Qo‘shma shtatlardagi qonunchilik qarorlarini qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.

2016 yil fevralida Barak Obama Oliy sud a'zosi, konservator Antonin Gregori Skalia vafot etgach, uning o‘rniga liberal Merrik Garland nomzodini ilgari surganida respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etgan Senat bunga yo‘l qo‘ymagandi. Keyinroq Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell bu qarorni prezidentlik saylovlari yaqinligi bilan izohlagandi.

«Biz hozirda prezidentlik saylovlari jarayonining o‘rtasida turibmiz. Biz Oliy sudning keyingi a'zosi kim bo‘lishini Amerika xalqi tanlashi kerak deb hisoblaymiz», degandi o‘shanda Makkonnell. Uning nuqtayi nazariga ko‘ra, 2016 yil fevrali (saylovlargacha 9 oy bor edi) AQShda saylovlar jarayoni o‘rtasi bo‘lgan, 2020 yilning sentyabrida esa (saylovlargacha 1,5 oy vaqt qoldi) vaziyat boshqacha. U hozirda Tramp taklif qiladigan nomzodni darhol ko‘rib chiqishga tayyorligini aytmoqda. 

BBC’ning siyosiy sharhlovchisi Entoni Zurker Oliy sudning yangi a'zosi tayinlanishi hozirgi murakkab sharoitda qanday muhim rol o‘ynashi haqida tushuntirish berdi.

Tramp Ginzburg o‘rniga nomzodni saylovlardan oldin tayinlay oladimi?
Donald Trampda prezidentligi davrida 9 kishidan iborat Oliy sud hay'atiga uchinchi marta o‘z nomzodini tayinlash imkoniyati paydo bo‘ldi. 2016 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonganida u Nil Gorsachni sudyalikka tayinlagandi, 2019 yilda esa Brett Kavano nomzodini umrbod hakamlikka o‘tkazgan. Shundan so‘ng Oliy sudda konservatorlar soni liberallar sonidan oshib ketgandi - 4 nafar liberalga qarshi 5 nafar respublikachi. Ginzburg xonimning o‘rniga ham Tramp nomzodi qo‘yilsa, Oliy sudda konservatorlarning ustunligi yanada mustahkamlanadi.

Prezident bu ishni noyabrdagi saylovlargacha yoki undan keyin qilmoqchi. Agar saylovlar natijalariga ko‘ra respublikachilar Senatdagi ustunlikni boy berishsa ham, Tramp tomonidan taklif qilingan nomzodning tasdiqlanishi yil oxirigacha ro‘y berishi mumkin, bu vaqtda palatalarning eski tarkibi o‘z vakolatlarini saqlab qolishgan bo‘lishadi.