16:14 / 29.09.2020
7826
Buxoroda yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 29 sentabr kuni soat 07:30da 30 yoshli S.J. boshqaruvida bo‘lgan Nexia rusumli avtomashinani Buxoro viloyati Jondor-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borib, Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-72 avtomobil yo‘lining 8-km.da yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning harakat yo‘nalishi bo‘yicha o‘ng tomonida joylashgan beton to‘siqqa old qismi bilan urilishi oqibatida bir necha marotaba ag‘darilib, aylanib ketgan.

Natijada, avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchilar, haydovchining turmush o‘rtog‘i, 29 yoshli B.X. hamda uning voyaga yetmagan farzandi, 7 yoshli K.T. hodisa joyida vafot etgan. 

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, yo‘llarda harakatlanganda belgilangan yo‘l-harakati qoidalariga hamda o‘zingizning shaxsiy xavfsizligingizga rioya qiling”, - deyiladi ma'lumotda.

Top