21:53 / 30.09.2020
6730
OIVdan sog‘ayib ketgan dunyodagi birinchi odam saratondan vafot etdi

Odam immunotanqisligi virusidan (OIV) to‘liq sog‘ayib ketgan dunyodagi birinchi odam – amerikalik Timoti Rey Braun 54 yoshida saratondan vafot etdi.

Foto: Zuma/TASS

U leykemiyaning zo‘rayishi bilan 5 oylik kurashdan keyin hayotdan ko‘z yumgan.

Braunda OIV 1995 yilda Berlinda yashagan vaqtida aniqlangan va shu sababli u OAVda “berlinlik bemor” deb atalgan.

2007 yilda Braunda o‘tkir miyeloblast leykoz aniqlangan. Unda ushbu kasallik mutatsiyaga uchragan genlaridan biri OIVga chalinishdan himoyalagan kishining asos hujayralarini ko‘chirish orqali davolangan.

Braunga asos hujayralar ko‘chirib o‘tkazilgach, u OIVdan to‘liq sog‘ayib ketgan va unga tegishli davolash muolajalari boshqa kerak bo‘lmagan. Braunning qonida ushbu virus umrining oxirigacha boshqa aniqlanmagan. Braunning sog‘ayib ketgani haqida unga asos hujayralar ko‘chirib o‘tkazilgandan 3,5 yil o‘tgach, 2011 yilda e'lon qilingan.

Biroq Braunda 2020 yilda leykemiyaning qaytishi qayd qilingan.

Ta'kidlab o‘tish joiz, Braunga ko‘chirib o‘tkazilgandek mutatsiyali o‘zak hujayralar OIVga uchragan yana bir kishining umrini saqlab qolgan: 2020 yil bahorda shifokorlar 40 yoshli londonlik Adam Kastilexo OIVdan to‘liq forig‘ bo‘lganini tasdiqlashgan.

Top