16:51 / 04.10.2020
109144

«Bu kunda shunchalar ko‘p odam otilganidan, Cho‘lponga kelganda o‘qlar tugab qolgan...» - 4 oktabr dahshatlari haqida

«Atrofdagi aholi o‘q ovozini eshitmasligi uchun motor yoqib qo‘yib, oqshomdan tongga qadar mahbuslar otilgan va barchasi bitta chuqurga ko‘milgan. Ularga na janoza, na bir enlik kafan nasib qilgandi...»

Bundan 82 yil muqaddam o‘zbek millatiga qarshi ulkan jinoyat sodir etildi – 1938 yil 4 oktyabr kuni o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari – jadidlar sovet tuzumi qatag‘on mashinasining qurboni bo‘ldi. Ular hukmron tuzumga qarshilikda ayblanib, «xalq dushmani» sifatida otuvga hukm qilindi. Soxtalashtirilgan hujjatlar, zo‘rlik bilan erishilgan guvohliklar asosida. Sud hukmisiz.

Tarixchi Bahrom Irzayev jadidchilik harakati asoslari, ularning ta'qibga olinishi, qatag‘on mashinasining dahshati haqida gapirib berdi.

Jadidchilik maqsadlari va peshvolari

– Jadidchilik harakatining Turkistonda keng yoyilishida qrim-tatar farzandi Ismoil G‘aspiralining xizmatlari katta. Bu harakatni dastlab Turkistonda boshlaganlar juda sanoqli – Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov, Buxoroda Abdurauf Fitrat bo‘lsa, 1918 yilga kelib bunday fikrli insonlar mamlakatning barcha shahar-qishloqlarida minglab paydo bo‘ldi.

1920 yilning boshlarida Turkiston o‘lkasining ijtimoiy hayotida bo‘lgan barcha yangiliklar jadidlar ta'sirida yuzaga keldi. Matbuot, maktab, maorif, teatr kabilar orqali ular yangi to‘lqinni vujudga keltira oldi. Jadidlar o‘z harakatlarining poydevori bo‘lgan maktabda din bilan birga dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatishni maqsad qilib qo‘yishgandi. Bir qator yoshlarni o‘qitib, xayriya jamiyatlari tashkil etilib, Orenburg, Ufa, Turkiya, Germaniya, Misr, Yaponiyadagi ta'lim maskanlariga yuborishga rahbarlik qilishdi.

Orenburgga tahsil uchun yuborilgan turkistonlik yoshlar

Jadidlarning asosiy maqsadi o‘rta asr jaholatidan qutulish va jahonning taraqqiyot namunalarini Turkistonda joriy etish bo‘lgan.

Mutaxassislar Turkiston istiqboli uchun kurashgan shaxslarni uch guruhga bo‘lishadi.

Birinchi guruhga chor ma'murlariga qarshi qurolli harakat olib borganlar, sho‘rolarga qarshi milliy ozodlik harakatlari rahbarlari kiradi.

Ikkinchi guruhga murosa yo‘lini tutganlar kiradi. Ismoil G‘aspirali, Mahmudxo‘ja Behbudiylar vaziyatda o‘z shartlarini qo‘yish evaziga Turkiston uchun ma'lum bir erkinliklarni talab qilishdi.

Uchinchi guruh hamkorlik yo‘lini tanlagandi. Bu guruh ko‘p tanqid qilinadi, ularni bolsheviklarga sotildi deb hisoblashadi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Hamza, Abdulla Avloniy kabilar kirgan bu guruh Turkiston to‘liq bolsheviklar ta'siri ostida qolgani, qurol va kuchga ega bo‘lmagan xalqni kurashga chaqirishi muqarrar halokatligini tushungan holda ular bilan hamkorlik qilish yo‘lini tanlashgan.

Qatag‘on mashinasi

– Sovetlar jadid harakatlarini butkul yo‘qotib yuborishga harakat qiladi. Bunga dastlabki urinishlar 1923 yilda boshlandi. Dastlab sovetlar va jadidlar hamkorligi asosida Buxoro jumhuriyati tuzildi, ammo keyinroq sho‘rolar boshqa davlatning ichki ishlariga aralashish orqali buxorolik ziyolilar – Fitrat, Otaxo‘jayev kabilarni badarg‘a qilishdi.

1926 yilda Abdulla Qodiriyning qamoqqa olinib tahqirlanishi ham qatag‘on harakatining davomi edi. Shu yilda yana respublika Oliy sudining sobiq raisi Sa'dulla Qosimov bilan bog‘liq «qosimovchilik» ishi uyushtirildi. Sa'dulla Qosimov shaxsi hanuzgacha oqlangani yo‘q.

1929 yil yozida «NarKomPros ishi» uyushtirildi. Bunda go‘yoki Sa'dulla Qosimovga qarshi ko‘rsatma berishi kerak bo‘lgan Obid Saidovni o‘ldirishga maorif komissari Botu Hosil Vosil va Alaviyga buyruq bergan, degan gap chiqarildi. Aslida uni sovetlarning o‘zlari o‘ldirib, shu ish orqasidan maorif tizimidagi yirik darg‘alar – Mannon Ramz, Botu kabilarni qatag‘onga duchor qilishdi. Botu ko‘chada qamoqqa olinib Butirka qamoqxonasida yillab saqlanadi. To‘xtovsiz qiynoqlar uni aqldan ozadigan darajaga olib keladi. Jismoniy kuch ishlatish natijasida sog‘ligini yo‘qotib, faqatgina quruq non yeydigan bo‘lib qoladi. Uning uyiga yozgan xatlarida ozgina non uchun pul so‘rab iltimos qilganlarini o‘qish mumkin.

Maorif komissari Botu

Xuddi shu ish ortida qamoqqa olingan Hosil Vosilning Moskvaga yozgan arizasi saqlanib qolgan. «Bu qanday noinsoniylikki, turmada yotgan insonlarga hatto non bermasalar. Bizga berilayotgan sasigan, eskirgan nonlar axlatxonadan terib olib kelingan. 6 oydan beri so‘roqqa chaqirilmadim. Aybimni aytinglar yoki meni hoziroq otib tashlanglar. Roziman, roziman, roziman», deb yozadi u xatida.

Butirka qamoqxonasida kameralar to‘lib ketgani bois yo‘laklarda temir o‘rnatilib, qafaslar tayyorlangan. Taniqli muallim Sobir Qodiriy ham shunday qafasda saqlanar, qafasning kichikligidan doimiy egilib turishga majbur bo‘lardi. Qodiriy yozda qamoqqa olingani uchun kiyimlari yupun, poyabzali titilib ketgan edi. Tizza bo‘yi qorda ham shu holida uni tergovga sudrashardi.

1929 yilning 5 noyabr kuni orasida Munavvarqori Abdrashidxonov bo‘lgan 18 kishi bir kunda qamoqqa olindi. Bu harakat tarixda «Milliy ittihod ishi» nomi bilan kirdi. Bunda jami 84 nafar Turkistonning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalari mahv etildi.

Munavvarqori Abdurashidxonov qamoqxonada

Qamoqdan chiqqach, Munavvarqori Samarqandda Go‘ri Amir maqbarasida qorovul bo‘lib ishga kirish uchun keladi. Keyinchalik ham u qo‘lqop tikib, shundan keladigan pulga zo‘rg‘a tirikchilik qiladi. Bu sovetlarning boshqalarga dars bo‘lsin, biz shunday buyuk odamlarni ham abgor ahvolga sola olamiz, degan maqsadda amalga oshirgan ishi edi.

Sovetlar bir kun ham Turkiston ziyolilariga ishongan, ular bilan hamkorlik qilgan emas. Buni 1919 yildayoq, hali Buxoro bosib olinmay turib ba'zi buxorolik xalq yetakchilariga jinoiy ish ochib qo‘yilganidan bilish mumkin. Sho‘rolar ulardan faqatgina vosita sifatida foydalangan edi xolos.

Mash'um 4 oktyabr

– 1938 yilning 28 mart kuni Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida O‘zbekistondagi siyosiy elitadan 165 kishini qatag‘on qilish haqidagi ro‘yxatga qo‘l qo‘yiladi. Mana shu ro‘yxat asosida 4-7 oktyabr kunidagi fojialar ro‘y berdi.

155 kishi otuvga, 10 kishi mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. Xudoybergan Devonov, Cho‘lpon, Fitrat, Otajon Hoshim, Abdulla Qodiriy, Anqoboy, Akbar Islomov, Isroil Ortiqovlar 4 oktyabr kuni otib tashlandi. 5 oktyabr kuni esa allaqachon otib tashlangan insonlar go‘yoki «sud qilinadi».

4 oktyabr qirg‘ini amalga oshirilgan hudud – «Alvastiko‘prik». Toshkent, Shahidlar xiyoboni.

4 oktyabr kuni shunchalar ko‘p odam otiladiki, Abdulhamid Cho‘lponga kelganda hatto o‘qlar tugaydi, otuvchilarning o‘zi ham charchab qoladi. Cho‘lponga seni ertaga otamiz deganida, u: «Bu insonlar yo‘q dunyoda bir nafas ham yashashni istamayman, meni hozir otasizlar», deb turib olgani uchun uning boshini bolta bilan chopib o‘ldirishadi...

Kafansiz ko‘milganlar

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi hozirgi Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyi hududida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan chog‘da mashinalardan biri yo‘lida qotib qoladi. Kovlanayotgan chuqurga qaralsa, yuzlab odamlarning suyaklari. Bu xabarni eshitgan yaqin-atrofdagi Oqil ota qabristoni qorovuli bu yerda 1938 yil qatag‘on qurbonlari yotganini aytadi. Atrofdagi aholi o‘q ovozini eshitmasligi uchun motor yoqib qo‘yib, oqshomdan tongga qadar mahbuslar otilgan va barchasi bitta chuqurga ko‘milgan. Ularga na janoza, na bir enlik kafan nasib qilgandi.

Qatag‘on qurbonlari xotirasiga atalgan yodgorlik

Keyinchalik suyaklar Oqil ota qabristoniga tashilib, bitta umumiy qabrga ko‘miladi.

Barcha qurbonlar suyaklari jamlanib ko‘milgan qabr. Oqil ota qabristoni

«Qora qarg‘a»

– Ziyolilar dastlab ish joyida qo‘liga kishan solib olib ketilgan. Keyinchalik esa qo‘lida quroli borlarning o‘zini otishga harakatlari kuzatila boshlandi va tunda maxfiy tarzda uydan olib ketiladigan bo‘ldi.

Keyinchalik qo‘lga olish maxfiy tarzda amalga oshirila boshlandi. Maxsus kuzatuvchi uyning chizmasini chizib ketardi, harbiylar shu chizma orqali uyga kirib kelgan. Tun avvalida kelgan harbiylar tongga qadar tintuv o‘tkazgan. Boriki qiymatli narsalar xatlanib, maxsus do‘konlarda sotuvga qo‘yilgan.

Mahbuslar NKVD uchun maxsus ishlab chiqarilgan «Chernyy voronok» (Qora qarg‘a) mashinasida olib ketilardi. Bu mashinaga chiqqanlar hech qachon tirik qaytmasligini bilishgan...

«Qora qarg‘a»

Qatag‘ondan omon qaytganlar ham bor. Ammo ular shundan keyin ham sho‘ro mamlakatiga ishongani yo‘q. Ular tiriklik va o‘lim orasida yashadi.

Shulardan biri Fotih Sulaymonning qizi gapirib bergan:

«Dadam qamoqdan qaytganida xursand bo‘lardik. Lekin o‘zlarining xursand bo‘lganini hech ko‘rganimiz yo‘q. Tishlari juda xunuk singandi. Onamning aytishlaricha, tergov paytida qiynoq qo‘llanganda ataylab shunday sindirilgan. Har zamonda onamga yig‘laganlarini, «Miyliq» deb allakim haqida gapirganlarini eshitardik. Keyinchalik bilsam, Stalinning hatto nomini tilga olishga qo‘rqqan, uni Mo‘ylab deb atagan ekan...»

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Top