15:00 / 05.10.2020
8410

Bojxonachilar yirik miqdordagi noqonuniy import bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yishdi

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi bir nechta MChJlarning rasmiy va norasmiy rahbarlari, ularning noqonuniy faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolar bojxona organlarining tezkor tarkibiy tuzilmalari tomonidan kuzatuvga olindi. Tezkor kuzatuvlar davomida birlamchi shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, 4 oktabr kuni Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik bo‘limlari tomonidan «Chuqursoy» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda davlat budjetiga bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni past stavkali tovarlarga almashtirish bilan shug‘ullanib kelgan, puxta o‘ylangan jinoiy sxemaga asoslangan jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, oldindan tuzilgan rejaga ko‘ra, tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kiryuvgich kabi qimmatbaho xo‘jalik uskunalari va qurilish anjomlari «vaqtincha saqlash» bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, o‘z omborida yuqoridagi tovarlar o‘rniga jinoiy guruh a'zolari tomonidan soxta yo‘l-yuk kuzatuv xujjatlarida ko‘rsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarlarga almashtirilayotgan vaqtda to‘xtatib qolingan.

«Buni qarangki, yuk egalari ushbu jinoyatni amalga oshirish uchun jinoiy guruhga 20 nafar shaxsni yollab, har birining vazifalarini taqsimlashgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4214 dona tovarlarning umumiy qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘ldi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, jinoiy guruhning g‘araz maqsadlari amalga oshganda, davlat g‘aznasiga 1 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilib, 4,5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilar edi.

Holat yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan o‘tkaziladi.

Top