20:13 / 07.10.2020
2144
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomni tahrirlash usulini kashf etgan olimlarga topshirildi

Fransiyalik mikrobiolog Sharpante va amerikalik biokimyogar Jyennifer Dudna bir necha yil avval bakteriyalarning viruslardan himoyalanishda yordam beradigan molekulyar "immunitet"ini kashf qilishgandi.

Emmanuel Sharpante va Jyennifer Dudna / Foto: Getty Images

Kimyo bo‘yicha 2020-yilgi Nobel mukofoti CRISPR/Cas9 genomini tahrirlash texnologiyasini ishlab chiqqan Emmanuel Sharpante va Jyennifer Dudnaga topshirildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.

 Hozirda Germaniyada ishlaydigan fransiyalik mikrobiolog Sharpante va amerikalik biokimyogar Jyennifer Dudna (Kaliforniyadagi Berkli universiteti) bir necha yil avval bakteriyalarning viruslardan himoyalanishda yordam beradigan molekulyar "immunitet"ini kashf qilishgandi. Uni turli organizmlarning genomlarini yuqori aniqlikda tahrirlashda qo‘llashga muvaffaq bo‘lindi. Hozirda butun dunyodagi olimlar og‘ir kasalliklarni davolash usullarini topish uchun "genom muharriri"dan foydalanmoqda.

 Sharpante va Dudna keyingi yillarda Nobel mukofoti olishga asosiy nomzodlar sifatida eslab kelingan.

 Dushanba kuni Nobel qo‘mitasi fiziologiya va tibbiyot hamda fizika yo‘nalishidagi laureatlar nomini e'lon qilgandi.

Ertaga adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha, juma kuni esa tinchlik bo‘yicha mukofot egalari nomi e'lon qilinadi. Nobel haftaligi 12 oktabr kuni — iqtisodiyot bo‘yicha mukofot sohibi ma'lum bo‘lganidan so‘ng yakuniga yetadi.

Top