Zamonaviy dunyoning hozirgi qulayliklarini yaratishda kimyo muhandislarining o‘rni juda katta, deydi AQShda doktoranturada tahsil olayotgan Sarvar Tolipov. Tadqiqotchi quyosh energiyasidan bioyoqilg‘i olish ustida ishlayapti. Uning aytishicha, uzoq istiqbolda elektromobillar uchun litiy batareyalari muammosi paydo bo‘lishi mumkin.
Sarvar Tolipov Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Bakalavriat va magistraturani Rossiyaning Qozon federal universitetida o‘qigan. Hozirda AQShdagi City college of New York'da doktoranturada kimyo muhandisligi yo‘nalishida tahsil oladi.
Qahramonimiz Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘qish uchun qanday qilib okeanortiga borgani, quyosh energiyasidan bioyoqilg‘i olish ustida ishlayotgani, xorijda tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qishga topshirish jarayonlari haqida gapirib berdi.
“Neftchi muhandislar ko‘p pul topisharkan deb shu sohaga qiziqqanman”
— 2014 yilda Qozon federal universitetida o‘qishni boshlaganman. “Pyatnitsa” kanalida “Oryol i reshka” degan sayohatlar haqidagi bir ko‘rsatuv bo‘lardi, shu ko‘rsatuvning bir sonida boshlovchi Dubayda 100 dollar bilan yashashi kerak bo‘lganida neft sohasida injyener bo‘lib ishlaydigan odamning uyiga boradi, shunda uning yaxshi yashashini ko‘rib, neftchi muhandislar shunchalar ko‘p pul topisharkan deb shu sohaga qiziqib qolganman. Qozon, Tatariston tarixan neftga boy, katta neft sanoati bor hududda joylashgani, qolaversa, madaniyati yaqinligi sabab O‘zbekistondan borish osonroq o‘tgan. Shuning uchun Qozon universitetiga kirib, 4 yil neft muhandisligi bo‘yicha o‘qiganmiz.
Keyin 4 yil davomida ilm-fanga qiziqish ortib, 2018 yilda shu universitetning magistraturasida qolishga qaror qildim. Universitet bizga stipendiyalar, sharoitlar yaratib berdi. O‘sha vaqtning o‘zida kimyo sohasiga, issiqlik orqali kechadigan reaksiyalariga qiziqib, shuni chuqurroq o‘rganish uchun magistraturadan keyin ham 2 yil shug‘ullandim. Shu davr davomida ilmiy rahbarlarim, hamkasblarim bilan birga “Scopus” kabi birinchi kvartaldagi nashrlarda ilmiy maqolalar chiqardik. Umuman olganda, mana shunday ilm hayoti, turli katta ilmiy konferensiyalar, tabiat jumboqlariga yechim topish judayam qiziq bo‘lgani uchun o‘qishimni doktoranturada davom ettirishga qaror qabul qilganman.
Tadqiqotchilik mening hayotim ekanini tushunib yetganman, lekin qayerda nima qilishni bilmaganman. Magistraturadan keyin hayot ham o‘zgardi, jadallashib ketgani sabab tabiatga zararsiz, unga foydali energiya uslublarini o‘rganishga qiziqish uyg‘ondi. Shunday qilib, hozir Nyu-Yorkda elektroorganik reaksiyalar haqida ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib boryapman, quyosh energiyasidan foydalanib, bizga kerakli bo‘lgan bioyoqilg‘ini qanday qilib arzon narxda olish ustida ishlayapman. Tadqiqotim oxiriga yetib qolay dedi, keyinchalik yana boshqa yechimlarni ham topishga harakat qilamiz.








