17:22 / 15.10.2020
2354
«O‘zbekneftgaz»: Neft zavodlarida 9 oy ichida qariyb 1,4 mln tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlandi

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan, neftni qayta ishlash zavodlarida respublika iste'molchilarini neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Neftni qayta ishlash, neftkimyo, neft mahsulotlarini saqlash va transportirovka qilish departamentining ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilning yanvar–sentabr oylari yakuni bilan jamiyat tomonidan 1 mln 380,9 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlandi. Natijada 620,1 ming tonna avtobenzin, 469,2 ming tonna dizel yonilg‘isi, 67,4 ming tonna aviakerosin hamda 78,2 ming tonna mazut yoqilg‘ilari ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari 72,8 foizni (reja 102,0 foiz, o‘tgan yilga nisbatan 100,0 foiz) tashkil etadi.

Joriy yilning birinchi choragida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida gazoylni gidrotozalash qurilmasida katalizatorni zamonaviy turiga almashtirish natijasida Yevro-4, 5 ekologik toifadagi dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sentabr oyi yakunigacha jami 43,5 ming tonna Yevro-4, 5 dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi va iste'molchilarga yetkazib berildi.

Iyul oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish asos loyihasini (FEED) ishlab chiqish bo‘yicha «Buxoro NQIZ» MChJ, «Honeywell UOP» (AQSh) va «SK E&C» (Janubiy Koreya) kompaniyalari o‘rtasida kelishuvlar imzolanib, amaliy ishlar boshlangan.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida respublika iste'molchilariga jami bo‘lib 742,6 ming tonna avtobenzin va 544,6 ming tonna dizel yonilg‘isi yetkazib berilgan.

Jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan rejalashtirilgan neft mahsulotlarini to‘liq ishlab chiqarish ishlari muvofiqlashtirilib, neft mahsulotlari zaxiralarini yaratish choralari ko‘rildi. Buning natijasida joylarda 167,0 ming tonna dizel yonilg‘isi va 83 ming tonna avtobenzin zaxiralari yaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 apreldagi 4664-sonli qarori asosida ichki tartib ishlab chiqilib, Respublika tovar xomashyo birjasi savdolari orqali barcha turdagi neft mahsulotlarini sotish yo‘lga qo‘yildi.

Respublika iste'molchilariga qulaylik yaratish, xizmat sifatini yaxshilash hamda neft mahsulotlarini realizatsiyasini oshirish yo‘li bilan pul tushumini ko‘paytirish va shoxobchalar tashqi ko‘rinishini zamonaviy andozalarga moslashtirish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirildi.

«O‘zbekneftgaz» brendini yaratish maqsadida Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi, 45b-uyda joylashgan 1-sonli Parkent nomli AYoQShning tashqi ko‘rinishini zamonaviy andozalarga mos keladigan darajada to‘liq rekonstruksiya qilindi va aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga quyildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4699-sonli qaroriga asosan, «Kuchlik neft bazasi» MChJ neft mahsulotlarning hisobini yuritish uchun avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUN) ishlab chiqish va joriy etishni yo‘lga qo‘yish uchun pudratchi tashkilot aniqlandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ
Matbuot xizmati

Top