15:14 / 23.10.2020
1871
Karantin qoidalarini buzgan Chexiya sog‘liqni saqlash vaziridan iste'foga chiqish talab qilindi

Sog‘liqni saqlash vaziri Roman Primula karantin cheklovlariga qaramasdan restoranga kirgan va himoya niqobi taqmagan.

Foto: EPA-EFE/MARTIN DIVISEK

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish qat'iy ijtimoiy cheklov qoidalarini buzgani uchun mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Roman Primuladan iste'foga chiqishni so‘radi.

"Men sog‘liqni saqlash vaziridan o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqishini so‘radim. Biz aholiga o‘rnak bo‘lishimiz lozim. Primula yo‘l qo‘ygan xatoni kechirib bo‘lmaydi", - dedi u.

 Xabar qilinishicha, 22 oktabr kuni Blesk portali jurnalistlari Primulaning restorandan himoya niqobisiz chiqqani to‘g‘risida yozishgan. Nashrning ma'lumot berishicha, Primula soat 22:00 atrofida restoranga kirgan va u yerdan 23:30da chiqqan.

Vazir mashina eshigini ochib turgan haydovchi yonida ham, mashina salonida ham niqob taqmagan. Restoranda u bilan birga deputatlar raisi Yaroslav Faltinek va restoran egasi Raymond Shpunda bo‘lgan.

Chexiya hukumatining boshqa a'zolari ham vazirning iste'fosini talab qilishdi.

Chexiyada koronavirus tarqalishi avj olganligi sababli yana qat'iy karantin choralari joriy etilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining farmoyishiga muvofiq, mamlakatda umumiy ovqatlanish muassasalarining faoliyat ko‘rsatishi taqiqlangan. Ularga faqat taom yetkazib berish bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan. Shuningdek, binolar ichida ham, ko‘chada ham niqob taqish majburiy etib belgilangan.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top