22:29 / 30.10.2020
5054
AQShda kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha navbatdagi antirekord qayd etildi

AQShda koronavirus bilan kasallanishlar soni bo‘yicha rekordlar qayd etilishi davom etmoqda. Jumladan, 29 oktyabrda AQShda 90 ming 456 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan va bu yangi antirekord hisoblanadi. 

Foto: AP /John Minchillo

NBC News telekanalining ma'lum qilishicha, ushbu ko‘rsatkich 28 oktyabrdagidan deyarli 10 mingtaga ko‘proqdir. 

AQShda pandemiya boshidan beri ilk bor kunlik kasallanishlar soni 90 mingdan oshdi. Shuningdek, so‘nggi sutkada infeksiyadan 982 kishi vafot etgan. 

Avvalroq CNN telekanali Oq uyning koronavirus bo‘yicha ishchi guruhi mamlakatning g‘arbiy qismida infeksiya uzluksiz va katta ko‘lamda tarqalayotganidan ogohlantirganini va pandemiyaga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirganini ma'lum qilgan.  

“Biz AQShning o‘rta g‘arbida, yuqori o‘rta g‘arbida va g‘arbida infeksiyaning katta ko‘lamda tarqalayotganini kuzatmoqdamiz. Bu kasallikning ham simptomli, ham simptomsiz tarqalishiga qarshi amaliy choralar kiritilishini talab etadi”, – deyilgan ishchi guruh bayonotida. 

Ishchi guruh ushbu hududda joylashgan shtatlar aholisini epidemiologik xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga, jumladan, ijtimoiy masofa saqlashga, gavjum joylardan qochishga chaqirgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda kasallanishlar soni 9 mln.dan oshib ketdi, infeksiyadan vafot etganlar soni 234 mingdan ko‘proqni tashkil etmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top