12:02 / 30.10.2020
14829
DTM test sinovlari uchun xarid qilingan kepkalar yuzasidan izoh berdi
Foto : KUN.UZ /arxiv

Bugun, 30 oktabr kuni, AOKAda “2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovi yakunlari, tahlil va xulosalar” mavzusida Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov DTM tomonidan test imtihonlari kunida tarqatilishi kerak bo‘lgan kepkalar yuzasidan izoh berdi.

“Davlat komissiyasining 2020 yil 19 iyuldagi 1-son bayoni bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020/2021 o‘quv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta'minlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.

Shuningdek, Davlat komissiyasining 2020 yil 28 avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi 2020/2021 o‘quv yili qabulida kirish test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abituriyentlarni bosh kiyim (kepka) bilan ta'minlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.

“Boburxon bn Nodirxon” korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan, korxona 1 mln dona bosh kiyim (kepka)ni 6 174 so‘mdan 6 174 000 000 so‘mga, 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 7 100 100 000 so‘mga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo‘shimcha kelishuv imzolangan va 6 174 so‘mdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 so‘mga, 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 493 499 550,60 so‘mga yetkazib bergan”, – dedi Rajabov.

Qo‘shimcha qilinishicha, DTM kepka yetkazib berish bo‘yicha 7 ta korxona bilan shartnoma tuzgan. Ulardan biri yuqorida nomi keltirilgan korxona hisoblanadi. DTM tomonidan jami 198 mingta kepka xarid qilingan va pul to‘langan. DTMga kepkalarni xarid qilishda mahalliy hokimliklar ham yordam berdi. Ular joylardagi korxonalar bilan shartnoma tuzib DTMga yuborishgan. DTM esa ularning pulini to‘lab bergan. Xarid qilingan 198 mingta kepka barcha hududlarga jo‘natilgan, lekin yetarli bo‘lmagan.

Kepkalarni xarid qilish uchun mablag‘ Davlat test markazini rivojlantirish jamg‘armasidan ajratilgan. Bu jamg‘arma abituriyentlarning test sinovlari uchun to‘lovlari hisobidan shakllantiriladi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top