20:00 / 03.11.2020
3272
Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Gidrometeorologiya xizmati qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Lekin yillar davomida e'tibor berilmagani oqibatida O‘zbekistonda bu yo‘nalish zamondan orqada qolib ketgan. Aerologik kuzatuv 1995 yildan buyon o‘tkazilmaydi. Bu esa ob-havo haqidagi ma'lumotlarning ishonchliligini pasaytiradi. Xalqaro standart bo‘yicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya bo‘lishi zarur, amalda esa 335ta bor, xolos.

Gidrometeorologiya xizmati markazining moddiy-texnik bazasi eskirgan, iqtisodiy rentabelligi ham past. Xususan, markaz o‘tgan 9 oydagi xarajatlarning atigi 6 foizini o‘z daromadidan qoplagan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Gidrometeorologiya xavfsizlikni ta'minlaydigan muhim sohalardan biri ekani, bugun eng asosiy vazifa – tizimda xizmat sifatini o‘zgartirish kerakligini aytib o‘tgan.

Yig‘ilishda sohada xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich tijoratlashtirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Bugungi kunda meteorologik ma'lumotlar 35ta idoraga, jumladan, 20ga yaqin tijorat tashkilotiga bepul berilmoqda. Xizmat narxlari xarajatga nisbatan kam bo‘lib, 15 yildan buyon ko‘rib chiqilmagan. 

Davlat rahbari ushbu narxlarni qayta ko‘rib chiqish va pulli xizmatlar qamrovini kengaytirish muhimligini ta'kidladi.

Bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Masalan, kelgusi yili davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida bittadan quyosh elektr stansiyasi, 2022 yilda uchta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi barpo etiladi. Ularda ishlab chiqarish hajmini rejalashtirish uchun meteorologiya xizmatlariga zarurat bor.

Shuningdek, ob-havoni prognoz qiluvchi internet platformalar, klasterlar va xorijiy ilmiy muassasalarga pulli xizmatlar ko‘rsatish mumkin.

Gidrometeorologiya markazida 100 yillik ma'lumotlar saqlanmoqda. Ular qog‘oz shaklida bo‘lib, 18 million varaqdan iborat. Ushbu ma'lumotlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda meteorologiya xizmatining moddiy-texnik ta'minotidagi kamchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, 70ta stansiyaning atigi 14tasi avtomatlashgan. Ob-havo prognozi o‘n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida tayyorlanmoqda. Oqibatda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma'lumotlar kechikmoqda. Toshkent, Samarqand va Nukusdagi 3ta meteorologik lokator ma'lumotlari yetarli bo‘lmayapti.

Shu bois kelgusi yillarda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida lokatorlar o‘rnatish, barcha stansiyalarni avtomatlashtirish, yangi stansiya va postlar qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bular natijasida meteorologiya xizmatining sifati va tezligi ancha oshadi.

O‘zgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Davlat rahbari bu maqomni saqlab qolish muhimligini ta'kidlab, 2022 yilda Samarqandda zaxira ma'lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha mintaqaviy hab tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Meteorologiya ma'lumotlari qishloq xo‘jaligida samaradorlikni ta'minlaydigan muhim omillardan biri. Chet elda agrar sohadagi korxonalar uchun o‘simlik namligi, yomg‘ir miqdori, chuqurlikdagi tuproq haroratini aniqlash kabi 20dan ortiq xizmat ko‘rsatiladi. Yurtimizda bunday xizmatlar atigi 9 xildan iborat. Agrometeorologik xizmatlar 96ta stansiya va postda olib borilayotgani, ularning soni so‘nggi 10 yilda atigi 5taga ko‘paygani sababli prognozning ishonchliligi 80-85 foizdan ortmaydi.

Gidrometeorologiya xizmati markaziga kelgusi yilda har bir viloyatda qo‘shimcha agrometeorologiya postlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining granti doirasida Jizzax va Qashqadaryoda agrometeorologik stansiya hamda o‘lchov vositalari o‘rnatib, xizmatlar sonini 14taga yetkazish, keyinchalik buni barcha hududlarda joriy etish muhimligi ta'kidlandi. Fermer xo‘jaligi va klasterlarga onlayn xizmat ko‘rsatadigan dasturiy ta'minot ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sohada ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham e'tibor qaratildi. Kelgusi o‘quv yilidan O‘zbekiston Milliy universitetida gidrometeorologiya fakulteti tashkil etish, Toshkent gidrometeorologiya texnikumida zamonaviy o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi aytildi.

Soha xodimlarining oylik maoshini oshirish va uzoq muddatli xizmat uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Top