23:12 / 05.11.2020
1797
Samarqandda davlat dasturi ijrosi bo‘yicha jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi

Samarqand viloyatida «Yuksalish» umummilliy harakati, Konrad Adenauer nomidagi Germaniya xalqaro jamoat fondi vakillari va Biznes-ombudsman tashabbusi bilan jamoatchilik monitoringi o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Foto: KUN.UZ

Jamoatchilik nazorati davlat dasturlarining ijrosi nechog‘lik ta'minlanayotgani, amalga oshirilishi, erishilgan ijobiy natijalar haqidagi ma'lumotlarni keng omma va xalqaro hamjamiyatga yetkazish, kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Shuningdek, monitoring natijalari bo‘yicha tahliliy axborot Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Monitoring davomida davlat dasturi ijrosi yuzasidan ijtimoiy hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari qurilish ishlari, investitsiya dasturi doirasida barpo etilayotgan obektlarda shu kunga qadar bajarilgan ishlar bilan tanishildi. Xususan, investitsiya dasturi asosida qurilayotgan «Family Park» savdo va ko‘ngilochar markazi-muz saroyi, IT-park, Samarqand shahridagi Orzi Mahmudov ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar, viloyatdagi professional ta'lim muassasalarida yaratilgan sharoit va mashg‘ulotlar jarayoni, Ipak yo‘li turizm xalqaro universitetining foydalanishga topshirilgan yangi korpusi, Samarqand shahri va Jomboy tumanidagi arzon uy-joylar qurilishi ko‘zdan kechirildi.

Monitoring tadbirlari davomida aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan tegishli tashkilot va mutasaddilarga taklif hamda tavsiyalar berildi. Xususan, Jomboy tumanida oldingi kasb-hunar kolleji o‘rnida qayta tashkil qilingan 2-kasb-hunar maktabida ochilgan ayrim yo‘nalishlar uchun zarur bo‘lgan jihozlar mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar ko‘zdan kechirilganda, quruvchilar tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, ularni bartaraf etish kerakligi mutasaddilarga tushuntirildi.

Samarqand viloyatida mahalliy budjet mablag‘lari va homiylar ishtirokida qurilayotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj, turar joyi mavjud bo‘lmagan oilalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun berishga mo‘ljallangan uylarni barpo etish tajribasi monitoring guruhi tomonidan ma'qullandi. Ushbu tajribani boshqa hududlarda ham qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi ma'lum qilindi.

Top