21:26 / 02.02.2024
16681

Samarqandda bozor raisi qamoqqa olindi

Bozor rahbariyati ishchilarning 113 million so‘mdan ortiq ish haqlarini to‘lamagan, shuningdek, shtatda mavjud bo‘lmagan xodimlar uchun pul o‘tkazish orqali mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi bozor raisi qamoqqa olingan. Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi. 

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqda Paxtachi tumanidagi bozorga rais etib tayinlangan G.A.ning qamalganidan onasi T.Aliyeva norozi bo‘lib videomurojaat qoldirgan. G.A. va V.N. jamiyat ishchi xodimlarining 113 million so‘mdan ortiq ish haqlarini ularga to‘lab bermasdan, jamiyat shtatlar jadvalida mavjud bo‘lmagan 8 nafar ishchi xodimlarga 13 million 781 ming so‘m ish haqi tashlab berib, tasdiqlangan shtatlar jadvaliga nisbatan xodimlarga 24 million 594 ming so‘mlik oylik ish haqini ortiqcha hisoblab, ushbu pul mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Bundan tashqari, tergovda viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi tomonidan berilgan 68 million 250 ming so‘mlik mahsulotlarni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Paxtachi tumani bo‘limi  tomonidan «Paxtachi dehqon bozori» MChJ rahbari G.A. va jamiyatning bosh hisobchisi V.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar gumonlanuvchiga nisbatan sudning ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Paxtachi tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudiga yuborilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi olib borilmoqda.

Top