12:24 / 05.11.2020
1760
Yaqin o‘n yillikda ilm-fanni rivojlantirish yo‘nalishlari belgilandi

2030 yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Prezidentning tegishli farmoni e'lon qilindi.

Foto: «Uza.uz»

2030 yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Prezidentning tegishli farmoni e'lon qilindi.

Norma’ning yozishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar joriy etiladi:

a) ilmiy tashkilotlar rahbarlarini Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi;

b) hududlarda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilish maqsadida «Akademik harakatchanlik» dasturi;

v) ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

stajyor-tadqiqotchi, izlanuvchi, ilmiy rahbar va konsultantlarga doir ma'lumotlar bankini shakllantirish, stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasidagi ishlar bajarilishini qayd etish;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarining samaradorligi monitoringini olib borish, tegishli hisobotlar va tahliliy ma'lumotlarni shakllantirish;

stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturada o‘qish uchun qabul kvotalari bo‘yicha buyurtmanoma shakllantirish;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash institutlarida o‘qish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish.

Har bir ilmiy tashkilotda ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi, bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanadi. Shuningdek maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqaradi.

Tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga tegishli hududda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar soni, 1 mln aholi soniga to‘g‘ri keladigan ilmiy tadqiqotchilar va olimlar soni, tijoratlashtirilgan ilmiy ishlanmalar soni va hajmi indikatorlari kiritiladi.
 
Ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish ko‘nikmasiga va iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar tayinlanadi. Barcha davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining respublika darajasidagi rahbarlari (birinchi o‘rinbosarlari) bir vaqtning o‘zida ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga mas'ul hisoblanadi hamda bu borada tizimdagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Har bir fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan jamiyatlari tashkil qilinadi.
 
2021 yilda xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyati auditdan o‘tkaziladi.
 
O‘zbekistonda quyidagi hujjatlarni tan olish tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

oliy ta'limdan keyingi ta'limning bir pog‘onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta'lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlari O‘zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi (ekvivalentligi qayd etiladi);

xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta'lim tashkilotlarida olingan professor, dotsent, katta ilmiy xodim va ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlar oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazmasdan va boshqa sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.

Top