Sun’iy intellekt humanoid robotlarga investitsiya kiritishning yangi to‘lqinini keltirib chiqargan bir paytda mavjud robotlar haqida juda iliq gapirib bo‘lmaydi. Ularning aksari ko‘rinish jihatdan qo‘pol va amaliyotga ko‘p ham mos emas, real hayotdan ko‘ra sahnada yaxshiroq ko‘rinadi. Biroq bular humanoid robotlar yasashga oid startaplarni cheklab qo‘ymadi.

Amazon kompaniyasi qiziqayotgan robot

Ana shunday startaplardan biri Agility Robotics kompaniyasiga tegishli.

“Maqsad hamma narsani boshdan boshlash va ʻHey, qaranglar, biz insonga o‘xshash robot yaratdikʼ, deyish emas. Biz insoniyat olamida ishlay oladigan robot yasashga harakat qilyapmiz”, deydi Agility Robotics kompaniyasi asoschilaridan biri Jonatan Herst.

Herst Agility kompaniyasining Digit robotini humanoid debmas, balki “insonga qaratilgan” ekanini aytadi.

Hozircha Digit robotlari qutilarni olib ularni siljita oladi. Oktyabr oyida Amazon kompaniyasi Digit robotlarini o‘z omborlarida sinovdan o‘tkazishini e’lon qildi. Sal oldinroq, sentabr oyida Agility kompaniyasi robotlarini ommaviy ishlab chiqarish uchun Oregonda zavod ochgandi.

Digit robotida animatsion ko‘zlar, turli sensorlar va kameralardan iborat bosh, dvigatel sifatida ishlaydigan tana bor. Shuningdek, qo‘l-oyoqlari ham bor, biroq oyoqlari odamnikidan ko‘ra ko‘proq qushlarnikiga o‘xshab ketadi.

Robotlar insonlar o‘rnini bosishi kerak

Raqobatchi robot ishlab chiqaruvchilar kabi Figure kompaniyasi faqatgina haqiqiy humanoid robotlargina insonlar uchun qurilgan jamiyat, uylar va ish joylarida samarali harakatlana oladi, degan g‘oya bilan yondashmoqda. Figure kompaniyasi boshida robotlari chakana savdo ombori kabi nisbatan oddiy joylarda ishlashini reja qilgan. Keyinroq esa tug‘ilish kamayishi sabab insonlar taqchil bo‘lgan joylardagi barcha ishlarni robotlar qila olishi kerak.

“Bozor juda katta, ishlarni qilish uchun esa insonlar yetishmaydi. Shu taqchillik sababli insonlar qilishni xohlamayotgan ishlarga humanoid robotlarni jalb qilsak, millionlab, balki milliardlab robotlarni sotishimiz mumkin”, deydi Figure kompaniyasi bosh direktori Brett Adkok.