08:37 / 06.11.2020
1465
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish loyihasi bo‘yicha parametrlar tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi «Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ijtimoiy yordam tizimiga kiritish mexanizmlarini takomillashtirish hamda integratsiyalashgan mehnat bozori axborot tizimini joriy qilish, Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsad qilingan, deb yozmoqda Norma.

2019 yilda «Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) o‘rtasida 5 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda qaytarish muddati 30 yil bo‘lgan 50 mln AQSh dollari miqdoridagi Moliyaviy bitim imzolangan. Bunda O‘zbekistonning ulushi 11,48 mln AQSh dollarini, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari berish tarzidagi ulushi 6,9 mln AQSh dollariga ekvivalentni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish muddati 2019–2024 yillarni tashkil etadi.
 
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi XTU kreditidan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas'ul bo‘lgan ijro etuvchi agentlik hisoblanadi. Ijro etuvchi agentlik huzurida loyihani amalga oshirish bo‘yicha 5 kishidan iborat ishchi guruhi tashkil etiladi. Asosiy qarzni qaytarish, shuningdek qarz bo‘yicha foizlarni to‘lash, xizmat bo‘yicha haq va vositachilik haqi to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
 
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • loyiha bo‘yicha asosiy texnik-iqtisodiy parametrlar;
  • XTU tomonidan ajratilgan qarzni, u bo‘yicha foizlarni va loyiha bo‘yicha boshqa xarajatlarni to‘lashning prognoz jadvali.

 
Hujjat 31.10.2020 yildan kuchga kirdi. 

Top