O‘zbekiston | 08:54 / 26.12.2020
3367
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalarga erta yoshdan ta'lim berish loyihasiga 100,57 mln dollar ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining «Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Ta'limda global hamkorlik tashkiloti hamda Natijalarga asoslangan yondashuvlar uchun global hamkorlik tashkiloti ishtirokidagi «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, umumiy qiymati 100,57 mln AQSh dollarini tashkil etadigan loyiha 2020–2024 yillarda bolalarning erta yoshdan ta'lim olish imkoniyatlarini oshirish, davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim muhitini yaxshilash, ta'lim sifatini tizimli ravishda baholab borish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) o‘rtasida «Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish» loyihasini amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 59,5 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratish to‘g‘risida bitim imzolangan.

9,5 mln AQSh dollari miqdorida grant ajratish to‘g‘risida imzolangan bitim doirasida Ta'limda global hamkorlik tashkilotining grant agenti sifatida qatnashadi.

Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekistonning ulushi 26,72 mln AQSh dollarini, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari 16,9 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi kredit hamda grantlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas'ul ijro etuvchi organ etib belgilandi.

Loyihani amalga oshirish davrida ijro etuvchi organ huzurida XTU krediti hisobidan moliyalashtiriladigan 10 shtat birligidan iborat bo‘lgan loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.

Kreditni qaytarish, shuningdek kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari, xizmat ko‘rsatish haqi, 3,4 mln AQSh dollari miqdoridagi investorning daromadini to‘lash hamda soliq va bojxona imtiyozlarini berish bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjat 16.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid