20:40 / 06.11.2020
12900
Toshkent shahri va viloyatidagi 17ta AYoQSh faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi

Bunga ularda belgilangan talablarga mos hojatxonalar tashkil etilmagani sabab bo‘lgan.

Joriy haftada Toshkent shahri va viloyatidagi 17 ta AYoQSh faoliyati qisqa muddatga to‘xtatildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Muhayyo Hayitova ma'lum qildi.

Hukumat qarori bilan, hojatxonasi bo‘lmagan yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan AYoQSlar faoliyati taqiqlangan. Ko‘zlangan maqsad – turizm infratuzilmasini yaxshilash. Shu yil 1 martdan kuchga kirishi belgilangan bu talab ijrosi kechiktirilib, 1 sentyabrga surilgan edi.

Muhayyo Hayitovaning so‘zlariga ko‘ra, respublikadagi AYoQSlarda sanitariya-gigiyena shoxobchalari barpo etilishini nazorat qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Guruh avtomobillarga gaz va benzin quyish stansiyalaridagi sanitariya masalalarini o‘rganish va chora ko‘rish bilan shug‘ullanadi.

Muhayyo Hayitova

«3–5 noyabr kunlari olib borilgan o‘rganishlar davomida respublika va hududiy ishchi guruh a'zolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 30ga yaqin AYoQShga bevosita tashrif buyurishdi hamda ularning 17tasida qaror talablari bajarilmagani uchun faoliyatini qisqa muddatga to‘xtatish choralari ko‘rildi», – dedi Turizm qo‘mitasi rasmiysi.

Hayitova bu haqda 6 noyabr kuni, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi eng namunali AYoQShlarni taqdirlash marosimida aytib o‘tdi. U ushbu shoxobchalarni namunali ko‘rinishga keltirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berdi.

«Dastlab o‘rganish ishlarini boshlaganimizda atigi 400 ta namunali AYoQShlar mavjud edi. Hozirda 3000dan oshig‘i namunali darajaga yetdi. Bunda nafaqat sog‘lom insonlarga, balki imkoniyati cheklanganlarga ham ahamiyat berilgan. Ular uchun chiqish yo‘lkalari qurilgan, o‘tirgichlar o‘rnatilgan.

Tadbirkorlarga faqat gaz yoki benzin sotish bilan to‘xtab qolmasdan, o‘ziga tegishli AYoQShda bir necha turdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ham imkoniyat yaratilmoqda.

Aholi va sayyohlarga qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan AYoQShlar taqdirlash va rag‘batlantirish uchun tavsiya qilindi», – dedi u.

Tadbirda qayd etilishicha, maxsus ishchi guruh tadbirkorlarga aholi va sayyohlar uchun sharoit yaratish borasida tavsiyalar berib kelmoqda.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunida 6 ta eng yaxshi AYoQSh aniqlanib, taqdirlandi. Ularga «Quality servis» sertifikatlari topshirildi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu – shu yo‘nalishdagi ilk taqdirlash tadbiri bo‘lib, kelgusida Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlardagi stansiyalar faoliyati ham muntazam o‘rganiladi.

Top