16:07 / 07.11.2020
29566

«Sog‘liqni saqlash tizimi uchun qattiqqo‘l vazir kerak» – Prezident soha rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi rahbarlarning o‘zgarishi masalasida to‘xtaldi.

Prezident mazkur soha rahbari qattiqqo‘l bo‘lishi kerakligini aytgan va vazirlikning yangi rahbari Abduhakim Hojiboyev haqida gapirgan.

«O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi uchun qattiqqo‘l vazir kerak. Hozirgi vazirimizni men bekorga qo‘yganim yo‘q, sinalgan, zamonaviy va talabchan. Eng muhimi, kim qandayligini biladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari sobiq vazir haqida ham iliq fikrlar bildirgan.

«U halol va pok inson ekanligi uchun rektorlikka o‘tkazildi. O‘ylaymanki, Shodmonov o‘z tajribasi bilan u yerda katta o‘zgarishlar qiladi», degan u.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov haqida to‘xtalib o‘tilgan.

«O‘zbekistonga kelganingdan va yangicha tajribalar bilan og‘ir sharoitlarda bizga yelkadosh ekaningdan minnatdorman. Esingdan chiqarma, tibbiyotimizga tezroq o‘zing aytgan raqamlashtirishni olib kirishimiz kerak. Tibbiyot muassasalariga telemeditsinani olib kirishimiz kerak. Qo‘rqma, ortingda men turibman», degan Shavkat Mirziyoyev.

  • Eslatib o‘tamiz, shu yilning 3 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev vazirlikning yangi rahbari etib tayinlandi.
  • 2017 yil fevralidan buyon vazirlikni boshqarib kelgan Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori lavozimiga o‘tkazildi.
  • Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Abduhakim Hojiboyevning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
  • 6 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasida ishlab kelgan Anvar Alimov Cog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
  • 2006–2019 yillarda Daniyada qator nufuzli kompaniyalarda mas'ul lavozimlarda ishlagan, 2019 yil sentabr oyida O‘zbekistonga qaytib Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Abdulla Azizov 2020 yilning iyulida Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘lgandi.
  • Oktabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Abduhakim Hojiboyevga tegishli ekanligi ma'lum bo‘lgan audioyozuv tarqalgan, unda vazir o‘rinbosari Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini koyigani aks etgandi.
Mavzuga oid
Top