10:39 / 08.11.2020
8794
Bugun ularning bayrami, ammo shunda ham dam olmaydilar

O‘zbekistonda 2006 yildan buyon noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinadi. Ko‘p hollarda «Den medika» deb ataladigan bu bayram shu soha egalarining o‘zlari, tor doirada, shifoxonalarda, ish orasida bir-birlarini tabriklash bilan o‘tib ketadigan bayram sirasiga kirib qolgandi.

2020 yil o‘tgan yillarning birortasiga o‘xshamadi va barcha davlatlarning tibbiyot tizimiga aql bovar qilmas bosim paydo bo‘ldi. Kuni kecha davlat rahbari faqat sog‘liqni saqlash sohasiga oid alohida selektor yig‘ilishi o‘tkazdi hamda sohadagi muammolarni, yechim yo‘llarini sanab o‘tdi. Chindan ham bevosita prezident boshchiligida, davlatning barcha mutasaddilari ishtirok etgan va faqat tibbiyotga atalgan alohida yig‘ilish hali bo‘lmagandi.

Umuman, tibbiyot xodimlari so‘nggi yillarda keskin tanqidlarga ko‘p nishon bo‘ldilar, haqorat qilindilar va hatto kaltaklandilar ham. Ammo aynan koronavirus pandemiyasi paytida o‘ziga xos ijobiy tendensiya kuzatildi – tez yordamlarga murojaatlar karrasiga oshganiga qaramay, shifokorlarga qo‘pollik qilish yoki qo‘l ko‘tarish holatlari (nisbatan) deyarli bo‘lmadi. Bu ham xalqimizning soha xodimlariga munosabati o‘zgara boshlagani, mehnatlarining qadriga yetayotganining dalolatidir.

Bu yilgi sinov nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo tibbiyotiga nihoyatda jiddiy yuk bo‘lib tushdi. Hammamiz shifokorlarning faoliyati naqadar murakkab ekanini yana bir bor his qildik. Albatta, soha qiyinchiliklarni ham boshdan kechirdi, barcha vazifalarni uddalay olmagan paytlari ham bo‘ldi. Shunga qaramay, umumiy natijalarga ko‘ra baribir kasallikni ma'lum darajada jilovlashga erishildi va yuraklardagi vahima ancha aridi.

Ammo bunga qadar bemorlar bilan birga juda ko‘p shifokorlarni ham yo‘qotdik...

* * *

Tibbiyot bugungi darajaga chiqqunicha ko‘p bosqichli va muttasil rivojlanishni boshdan kechirgan. Lekin baribir insoniyatni qiynovchi kasalliklar hamon bisyor, davosiz dardlar bilan kurash uzluksiz davom etmoqda. Biror davlat aholisining sog‘lomligi hech qachon bir jihatga – tibbiyotga bog‘liq bo‘lmaydi. Bugungi kunda sog‘lom turmush tarzi, ekologiya, kasalliklar profilaktikasi, diagnostika kabi qator jihatlarning barchasiga jiddiy qarash orqaligina salomatlikka, uzoq umr ko‘rishga erishish mumkin.

Davlat rahbari belgilab bergan vazifalar ichida bu jihatlarning hammasi nazarda tutilgan. Ayniqsa uzoq hududlarda ishlovchi tibbiyot xodimlariga alohida imtiyozlar berilayotgani bugungi kundagi og‘riqli masalaning o‘ziga xos yechimidir.

Shu bilan birga, pulli va bepul xizmatlarni aniq belgilab olish, xususiy tibbiyotni, davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish, tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish kabi islohotlar ham hayotga tatbiq etilishi kutilmoqda.

* * *

Bugun sohada faoliyat yuritayotgan, ko‘pchilik xususiy tibbiyotga o‘tib ketayotgan davrda ham o‘z kasbiga muhabbat va bemorlariga sadoqat tufayli ishini davom ettirayotgan shifokorlarni haqiqiy qahramonlar deb atash mumkin. Ularning aksariyati oz maoshga qanoat qiladi, majburiyat yuzasidan tungi navbatchiliklarda turadi, bemorlarning dardiga qarshi kurashish bilan birga hasratlariga ham sherik bo‘ladi.

Bugun ko‘pchilik shifokorlar koronavirus degan ko‘rinmas balo bilan har jabhada kurash olib bormoqdalar, bemorlarni bu dard changalidan qutqarib qolish uchun tun-u kun harakat qilmoqdalar.

Bugun ularning umidlari yana uchqunladi. Soha unutildi, degan fikrga borib qolingan joyda eng yuqori minbardan turib muammolarga e'tibor qaratildi, shifokorlar bir ruhlanib olishdi.

Bugun ularning kasb bayramlari!

Lekin aksariyatimiz bu bayram haqida bilmaymiz, bilsak-da ularni qutlashga, ko‘ngillarini ko‘tarishga qunt qilmaymiz. Qizig‘i, ko‘pchilik shifokorlar bugungi bayramlarini ham ishxonalarida, bemorlar yonida o‘tkazadilar.

Demak, oq libosli xaloskorlarni tabriklashning ayni vaqti!

Abror Zohidov

Top