Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 16 iyunda “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilinadi. Unga ko‘ra, tuman-shahar shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi o‘rinlar soni pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilgan. Shu vaqtgacha shoshilinch tibbiy yordam tarkibiga kirgan reanimatsiya bo‘limlari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqa bo‘limlarga qo‘shilgan. Qo‘pol qilib aytganda, reanimatsiya bo‘limlari ikkinchi guruhga tushirilgan holda joriy yil boshidan ularning mehnatiga haq to‘lab boshlangan. Shifokorning oyligi ko‘tarilishi o‘rniga kamaygan.


Payariq tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limi hamshiralari Prezident qarorida bizning toifamiz tushirilgan, biroq Sog‘liqni saqlash vazirining 2023 yil 21 fevraldagi buyrug‘iga asosan bizning darajamiz saqlab qolingan deyishmoqda.


Shifoxonaning reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Iroda Abishevaga ko‘ra, tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingunga qadar to‘rt million so‘mdan ortiq oylik olib kelgan. Hozirgi vaqtda reanimatsiya bo‘limlari xodimlari 2-guruhga tushirilib, maosh qariyb bir million so‘mgacha kamaygan.
“Biroq bizning ish tartibimiz o‘zgargani yo‘q. Eng og‘ir bo‘limda ishlaymiz, jiddiy kasalliklarni yuqtirib olish ehtimolimiz yuqori. Bu vaziyat inobatga olinib, prezident qaroridan so‘ng sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i chiqdi. Unga ko‘ra biz, reanimatsiya bo‘limi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi o‘zgarmasligi kerak. Biroq ushbu buyruq ijrosi ta’minlanmayapti”, – dedi Abisheva.























