22:08 / 09.11.2020
47838

Faqatgina koronavirusmas: Bayden g‘alabasining besh sababi

Amerikada saylovoldi kampaniyasi natijasini taxmin qilish hech qachon oson bo‘lmagan. Bu safargi saylov jarayonlari esa yuz yilda bir kuzatiladigan pandemiya fonida kechdi, mamlakatda 1960-yillardan buyon eng jiddiy ijtimoiy keskinlik yuzaga kelgandi. Odatda amaldagi prezident qayta saylanishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bayden sharoitlar va pretsedentlarni inkor etuvchi raqib qarshisida edi.

Foto: Getty Images

Shunga qaramay, u uchinchi urinishda maqsadiga erisha oldi - delegatlar soni bo‘yicha farq juda kichik, ammo mamlakat bo‘ylab unga ovoz bergan amerikaliklar soni Donald Trampga ovoz berganlar sonidan bir necha millionga ko‘p.

BBC delaverlik avtodilerning o‘g‘li dunyoning eng katta mamlakati prezidentiga aylanishini ta'minlagan besh omil haqida fikr yuritgan.

1. «Kovid, kovid, kovid»
Katta ehtimol bilan, Bayden g‘alabasining asosiy omili uning o‘ziga bog‘liq emasdi.

230 mingdan oshiq amerikalikni hayotdan olib ketgan koronavirus pandemiyasi kundalik hayot tarzi va siyosatni o‘zgartirib yubordi. Bu esa amaldagi prezident foydasiga emasligi ayon edi.

Buni Donald Trampning o‘zi ham yaxshi anglardi, buni uning saylovoldi kampaniyasining oxirgi qismidagi xatti-harakatlaridan ham bilish mumkin edi.

«Yolg‘on xabarlar haqida gapiradigan bo‘lsam, bu Covid, Covid va yana bir bor Covid», degandi u o‘tgan hafta boshida Viskonsindagi mitingda.

Ammo vaziyat shunchaki OAVning shov-shuvi emasdi, bu fuqarolarning hayotida aks etgandi. So‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, amerikaliklarning aksar qismi prezidentning inqiroz holatidagi harakatlarini qoniqarsiz deb baholaydi. Oktabr oyida Pew Research markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari Bayden 17 foizlik ustunlikka egaligini ko‘rsatayotgandi.

Pandemiya va uning ortidan kelgan iqtisodiy pasayish Donald Trampni asosiy kuziridan - iqtisodiy o‘sish va farovonlik bilan maqtana olishidan mahrum etdi. So‘rovnomada qatnashganlar prezidentning kamchiliklarini ko‘rsatib o‘tishgan: biror masalaga chuqur kirib borishni istamaslik, ilm-fan odamlariga ishonmaslik, faqat bir kishiga quloq solish bilan qaror qabul qilish.

Aynan pandemiya Trampning ishonch reytingini qulatdi - yozda reyting 38 foizgacha tushdi - bundan esa Bayden va uning jamoasi foydalanib qolmasligi mumkin emasdi.

2. Sahna ortidagi kampaniya
O‘z siyosiy faoliyati davomida Jo Bayden o‘z bayonotlari tufayli o‘ng‘aysiz holatga tushib yuruvchi siyosatchi degan nomga ega bo‘lgandi. Nutqidagi kamchiliklar tufayli u 1987 va 2007 yillardagi prezidentlik kampaniyalarida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Uchinchi kampaniya boshlanishi ham uning uchun ko‘ngilsiz kechdi, bir necha bor chaynalib gapirishiga e'tibor qaratishdi, ammo bu jiddiy muammo tug‘dirmadi.

Uni diqqat markazida turishdan birinchi navbatda Donald Tramp qutqardi, u hamisha yangiliklar manbayi bo‘lishga intilardi. Ikkinchidan, yanada muhimroq mavzular bor edi: koronavirus, Jorj Floydning o‘limi ortidan boshlangan namoyishlar va iqtisodiy qiyinchiliklar.

Shu bilan birga, Baydenning shtabi ongli ravishda ishlab chiqqan strategiya ham ish berdi: nomzodni xalqqa kamroq ko‘rsatish va uni toliqtirmaslik, toliqqan ko‘rinmasligi uchun tadbirlarga zo‘r bermaslik.

Normal sharoitlarda bunday harakatlanish uning o‘ziga qarshi ishlagan bo‘lar, Tramp uni o‘qtin-o‘qtin «yerto‘laga yashiringan raqib» deb atashi (u chindan ham uyidagi yerto‘lada yashab, videomurojaatlar orqali kampaniyasini olib bordi) izsiz ketmagan bo‘lardi. Ammo koronavirus davrida uning bu harakati hayratlarga va muhokamalarga sabab bo‘lmadi. Natijada, Bayden asosan sukut saqladi va xato ham qilmadi, Tramp ko‘p gapirib, o‘zining gapdonligi qurboni bo‘ldi.

3. «Kim bo‘lsa bo‘lsin, faqat Tramp emas»
Saylov kuniga bir hafta vaqt qolganida Baydenning shtabi uning yakunlovchi reklama roliklarini namoyish eta boshladi.

Asosiy g‘oya o‘tgan yil boshlangan kampaniya boshidan buyon o‘zgarishsiz qolgan, videolarda Bayden Demokratik partiyaga o‘zini nomzod sifatida ilgari surgani uchun minnatdorchilik bildiradi: «Hozirgi saylovlar - «Amerika qalbi uchun jang», so‘nggi to‘rt yildagi «xaos» va «bo‘linish»ga yakun yasash imkoniyatidir», deydi u.

Shior ortida oddiy hisob-kitob bor edi: Bayden amerikaliklar ziddiyatli va shovqinli Trampdan keyin xotirjam va barqaror yetakchini ma'qul ko‘rishlariga ishonch bildirgandi.

«Men Trampning shaxsidan charchadim», - deydi Mayamida yashovchi, ilk marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan 18 yoshli Terri Adams.

Demokratlar saylovni ikki nomzoddan birini tanlashdan ko‘ra Trampga munosabatni bildirish bo‘yicha referendumga aylantirishni uddalashdi. Baydenga u shunchaki Tramp bo‘lmagani uchun ovoz berganlar ham ko‘p edi.

Tarafdorlari Baydenning g‘alabasi endi siyosat haqida qayg‘urish shart emasligini anglatishini takrorlashni yoqtirishadi. Bu albatta hazil gap, ammo uning zamirida haqiqat ham bor.

4. Markazlashuv
Demokratik partiya ichida Bayden asosan so‘lchilar Berni Sanders va Elizabet Uorrenga qarshi kurash olib borishiga to‘g‘ri kelardi, ular rok-konsertlar muxlislaridan ko‘proq ishtirokchilar qatnashgan mitinglar uyushtirishdi va xayriya mablag‘lari to‘plashdi.

Bayden esa markazchi pozitsiyasini tanladi, u so‘lchilardan farqli ravishda davlat sog‘liqni saqlash xizmatlarini va oliy ta'limni bepul qilish haqidagi shiorlarni ishlatmadi. Bu bilan u mo‘'tadil saylovchilarni va ikkilanuvchi respublikachilarning bir qismini o‘ziga jalb etdi.

Shuningdek, vitse-prezidentlikka so‘l demokratlarning kumirlaridan birini emas, Kamala Harrisni tanladi.

Bayden Sanders va Uorrenga yutqazgan yagona nuqta - iqlim o‘zgarishlari masalasi bo‘ldi. U energetikaga bog‘langan shtatlar saylovchilaridan ko‘ra, ekologiya masalasida qayg‘uradigan yoshlarning ovozini olishga urg‘u qaratdi.

5. Katta pullar
Yil boshida Baydenning pul sandig‘i deyarli bo‘sh edi. Ayniqsa to‘rt yil davomida keyingi saylovga tayyorlangan va bir milliard dollarga yaqin pul yiqqan Tramp bilan taqqoslaganda.

Ammo aprel oyidan Baydenning kampaniyasi uchun xayriya yig‘ish mashinasi shitob bilan harakatlana boshladi, marraga esa kampaniya raqibdan 144 million dollar ko‘proq sarflagan holda yetib keldi - demokratlar respublikachilarni tom ma'noda televizion reklamalarga ko‘mib tashlashdi.

Albatta, pul hammasini hal qilmaydi. To‘rt yil muqaddam Hillari Klinton ham Trampni moliyaviy ko‘rsatkichlar borasida ortda qoldirgandi. Ammo endi, koronavirus tufayli nomzodlar tashviqot tadbirlarda ishtirok etishi cheklangan davrda, saylovchilar ham xuddi shu sabab bilan ko‘p vaqtini teleekranlar qarshisida va internetda o‘tkazishiga to‘g‘ri kelganida, reklama roliklari muhim ahamiyat kasb etdi.

Baydenning shtabi nafaqat ikkilanuvchi shtatlarda, balki an'anaviy ravishda respublikachilarga ovoz berib kelgan shtatlarda ham nomzodni reklama qilish uchun katta pullar sarfladi. Texasda, Ohayoda va Ayovada bu ish bermagan bo‘lishi mumkin, ammo konservativ Arizonani demokratlar baribir o‘z tomonlariga og‘dirishga muvaffaq bo‘lishdi. Jorjiyada ham respublikachilar ustunlikni boy berishdi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top