21:53 / 10.11.2020
17406

«Murojaatlar bilan ishlovchi 34 xodim COVID-19ga chalingan» - Bosh prokuratura tanqidiy maqolaga izoh berdi

Kun.uz 9 noyabr kuni «Bosh prokuratura 7 oy ichida 14 mingdan ortiq murojaatni qabul qilmagan. Ularning taqdiri nima bo‘ladi?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga 2020 yilning 2 aprelidan 31 oktyabrga qadar pochta orqali turli hududlaridan kelib tushgan 14 310 ta, chet mamlakatlardan kelgan 211 ta murojaat qabul qilinmasdan ortga qaytarib yuborilgani haqida so‘z boradi.

Maqola e'lon qilingach, Bosh prokuratura vakillari masalaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbirini Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasiga taklif qilishdi.

Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Anvar Ixtiyorovning ma'lum qilishicha, haqiqatan ham Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 176-sonli qaror talablaridan kelib chiqib, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida prokuratura organlarida qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatilgan hamda bu haqda 2020 yil 2 aprel kuni barcha vazirlik va idoralar bilan bir qatorda birinchi navbatda pochta aloqa xizmatiga rasmiy xabar berilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari hamda tuman-shahar prokuraturalarida, shuningdek, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosida ham murojaatlarni telefon orqali qabul qilish tashkillashtirilgan va bu haqda 24 mart kuni Bosh prokuraturaning veb-saytida e'lon qilingan.

«Lekin mazkur cheklovlardan kelib chiqib, aholi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini «1007» ishonch telefoni va pm.gov.uz internet sayti orqali qabul qilish ikki barobar kuchaytirildi.

Pandemiya davrini ham qo‘shib hisoblaganda, joriy yilning 10 oyi mobaynida prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlar soni 315 128 tani tashkil etgan. Murojaatlarning 165 455 tasi bevosita prokuratura organlarida hal etilib, shundan 32 294 tasi qanoatlantirilgan, 3 303 tasi rad qilingan bo‘lsa, 129 858 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 29 415 nafar shaxsning huquqlari prokurorlar tomonidan tiklangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual va Xalq qabulxonalaridan (pm.gov.uz) prokuratura organlariga yuborilgan 50 929 ta murojaatdan 45 054 tasi ko‘rib chiqilib, shundan 20 112 tasi qanoatlantirilgan, 24 339 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan, 603 tasi rad qilingan, 810 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 1 ming 946 tasi tugatilgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi tarkibidagi «Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi»ga (1007 koll-markazi) 10 oy davomida aholidan jami 87 889 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 15 772 tasi qanoatlantirilgan, 69 488 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan va 1 813 tasi rad qilingan, 687 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Ba'zida ayrim fuqarolar 1007 raqamiga telefon qilib, 40-50 daqiqa gapirishadi, buning natijasida boshqalarning sabri yetmasdan o‘chirib qo‘yadi. Keyin qo‘ng‘iroq qilganida ilojsiz boshqa navbatga tushadi.

Prokuratura organlari xodimlari tomonidan respublika bo‘yicha 153 377 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan. Ularning 59 753 nafari prokurorlar tomonidan, 36 789 nafari prokuror o‘rinbosarlari tomonidan qabul qilingan.

Shaxsan bosh prokuror tomonidan 122 nafar, Bosh prokuror o‘rinbosarlari tomonidan 1 716 nafar jismoniy va yuridik shaxs sayyor qabullar orqali qabul qilingan.

Prokuratura organlari pandemiya davrida ham murojaatlarni qabul qilishni to‘xtatmagan, doimiy faoliyatini olib borgan. Har bir fuqaroning muammosini o‘zining muammosidek qabul qilishga harakat qilib kelgan», – deydi Anvar Ixtiyorov.

Bosh prokuratura vakilining ma'lum qilishicha, har bir fuqaroning murojaati qabul qilinadi. Agar qandaydir texnik muammo sodir bo‘lib uzilib qolsa, yana qaytadan urinib ko‘rish mumkin. Bunga hech qanday cheklovlar qo‘yilmagan.

Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ixtiyorov 2020 yil 30 oktyabrdan pochta orqali ham xatlarni qabul qilish tiklanganini, agar fuqarolarni pandemiya vaqtida yuborgan murojaatlari hal qilinmagan bo‘lsa, ularni bemalol qayta yuborishlari mumkinligini ta'kidladi.

«Avval xatlar kelishi bilan ijroga qaratilsa, hozirda 1 kungacha kvars quti ichida saqlanib, so‘ngra skaner qilingan holda o‘rganishga beriladi», – dedi u.

Ma'lum qilinishicha, karantin vaqtida qabul qilinmay qolib ketgan xatlarning ko‘pchiligi hududiy prokurorlar va Bosh prokuratura rahbarlarining sayyor qabullarida yoki fuqarolar tomonidan elektron tarzda yuborilganidan so‘ng hal qilingan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, pandemiya davrida Bosh prokuraturaning bevosita kelib tushgan hujjatlarni qabul qilish hamda taqsimlash faoliyatini amalga oshiruvchi tarmog‘ining 34 nafar xodimi COVID-19 bilan kasallangani va ularning kasallanish manbasini aniqlash imkoni bo‘lmagani ma'lum qilindi.

Farrux Absattarov,
Tasvirchi va montaj ustasi –Doniyor Yaqubov

Top