O‘zbekiston | 15:07 / 09.11.2020
17630
10 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura 7 oy ichida 14 mingdan ortiq murojaatni qabul qilmagan. Ularning taqdiri nima bo‘ladi?

Shu yilning 2 aprelidan 31 oktyabrga qadar Bosh prokuraturaga pochta orqali turli hududlaridan kelib tushgan jami 14 310 ta (shu jumladan, chet mamlakatlardan 211 ta) murojaat qabul qilinmasdan ortga qaytarib yuborilgan.

Foto: Ramiz Baxtiyarov

Pandemiya ko‘plab sohalar qatorida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishni ham masofadan turib, ya'ni onlayn rejimga o‘tkazish jarayonini tezlashtirdi. Albatta, raqamlashuv bizga ancha qulayliklar beradi: ovoragarchiliklarni aritadi, vaqt va mablag‘imizni tejaydi. Lekin tanganing ikkinchi tarafi ham bor…

Raqamli texnologiyalarni qilishda, ayniqsa murojaatlarni onlayn qabul qilishda davlat tashkilotlari va aholining barcha qatlamlarida [hech bo‘lmasa zarurat tug‘ilganida] zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoni bo‘lishi kerak. Agar buning imkoni yo‘q bo‘lsa yoki bir qancha vaqt talab qilinsa, boshqalarga muqobil variant – an'anaviy usulda murojaat qilish imkoniyatlarini qoldirish kerak.

Ma'lumotlarga ko‘ra, pandemiya davrida kasallikni jilovlash maqsadida ko‘rilgan keskin choralar, qabul qilingan qarorlarga o‘z vaqtida izoh berilmasligi oqibatida kelib chiqqan tushunmovchiliklar huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan prokuraturaga murojaatlar sonini oshirib yuborgan.

Bizga kelgan murojaatlarga ko‘ra, bir necha oydan buyon prokuratura organlari tomonidan «koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida» degan vaj bilan aholi murojaatlarini xat orqali qabul qilish to‘xtatib qo‘yilgan.

«Toshkent pochtamti»ning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Bosh prokuraturaga mamlakatning turli hududlaridan 2020 yilning 2 aprelidan 1 noyabrga qadar jami 14 310 ta, 1 iyuldan 1 noyabrga qadar chet mamlakatlardan 211ta xat kelib tushgan va ularning hech biri qabul qilinmagan (xatlarning aksariyati egalariga qaytarib yuborilgan).

Ko‘rib turganingizdek, gap bir yoki bir necha kishining muammosi haqida emas, murojaatlariga javob berish tugul, hatto ko‘rilmay qolib ketayotgan 10 minglab odamlar haqida ketyapti.

Aslida bir kishining murojaati bo‘lsa ham, uni davlat tashkilotlari eshitishga va vakolati doirasida javob berishga majbur emasmi?

Masalan, Bosh prokuratura qog‘oz shaklidagi hujjatlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgani tufayli murojaatlari yetib bormagan fuqarolardan biri Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Qabulxona esa fuqaroning murojaatini qabul qilib olib, uning arizasi prokuraturaga yetib kelmaganini aniqlab bergan. Bir tashkilot (prokuratura) «qog‘oz olmayman», desa yana bir tashkilot (Xalq qabulxonasi) uni «qog‘oz olmasligi»ni aytib beradi. Qiziq emasmi?

Endi masalaning huquqiy jihatlariga to‘xtalsak. Birinchidan, har qanday holatda ham davlat tashkilotlariga murojaat qilish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi xisoblanadi. Qonundan chetga chiqib, fuqarolarni bunday huquqdan mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘q!

«Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart»deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida.

Bundan tashqari, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida «murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi shart» deya belgilab qo‘yilgan.

Qonunda murojaatlarni davlat organiga mustaqil ravishda, pochta orqali yoki elektron shaklda yuborish mumkinligi ta'kidlangan.

Qonunning 23-moddasida esa davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmacligi qat'iy belgilangan.

Shuningdek, «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida: «Prokuratura organlari fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadilar, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar»deb yozilgan.

Ko‘rib turganingizdek, Konstitutsiyada ham, fuqarolarning murojaatlari va prokuratura faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qonunlarda ham qog‘oz shaklidagi murojaatlarni ko‘rmaslik uchun asos ko‘rsatilmagan.

Bosh prokuratura bergan javobda koll-markazning 1007 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi aytilgan. Birinchidan, ushbu raqamga «tushish» ancha qiyin, buni mas'ullar ham bilsa kerak. Ko‘p hollarda navbatingiz kelguniga qadar aloqa operatorlar tomonidan qo‘yilgan vaqt chegarasi tugab qoladi, qayta qo‘ng‘iroq qilsangiz, yana boshqatdan navbatga yozilasiz. Chekka hududlarda aloqa sifati maqtanishga arzirli ham emas. Bundan tashqari, qo‘ng‘iroq qilish davomida muammoni to‘liq ochib beradigan hujjatlar, foto va boshqa media ma'lumotlarni ham taqdim qilish imkoni yo‘q.

Bosh prokuratura tavsiya etayotgan «pm.gov.uz» internet sayti orqali murojaat yuborishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Avvalo, yoshi katta insonlarning ko‘pchiligi sayt orqali murojaat qilish va portalga ma'lumotlar kiritish u yoqda tursin, internetga kirishni ham bilmaydi. Bundan tashqari, sayt orqali murojaat qilinganda o‘z muammosini elektron shaklda yozib chiqish kerak bo‘ladi, buning uchun kompyuter kerak bo‘ladi.

Murojaatchilarning yo‘lidagi to‘siqlardan yana biri – chekka hududlarning internetga ulanishda muammolarga duch kelishi bo‘lsa kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shaharlar markazlarida yashaydigan aholi bilan chekka qishloqlarda yashovchi aholida internetdan foydalanib murojaat yuborish uchun imkoniyatlar qay darajada teng?

Agar internet orqali murojaat yuborishni bilganida yoki imkoniyat qila olganda 7 oyda 14 mingdan ortiq fuqaro Bosh prokuraturaga xat yozgan bo‘larmidi?

Tibbiy-sanitariya jihatdan olib qaralsa, xatlar va umuman qog‘oz yuzasida koronavirusning yashab qolishi muddati bo‘yicha olimlar turlicha fikr bildirgan. Masalan, AQSh Milliy salomatlik instituti virusologlari koronavirus infeksiyasi ochiq havoda 3 soatgacha, karton qog‘ozlarda 24 soatgacha tirik qolishini aytgan bo‘lsa, AQSh Allergik va infeksion kasalliklar Milliy instituti va Honkong universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlarda virus qog‘oz va salfetkalar yuzasida 3 soatdan kamroq yashashi aytiladi.

Yana bir qiziq holat, virus qog‘ozdan ko‘ra metall, plastik buyumlar, oyna va eshik tutqichlarida ko‘proq muddat – 4 kundan 7 kungacha yashab qoladi. Ya'ni tashkilotlar o‘z xodimlarini xatlarni qabul qilmaslik yo‘li bilan kasallikdan himoya qila olmasligi aniq edi. Chunki ishga avtomobilda, jamoat transportida keladigan xodimlar, sayyor qabullarda fuqarolarni qabul qiladigan rahbarlar ham virus tashuvchi bo‘lishi mumkin.

Yana boshqa bir misol, pandemiya davrida boshqa davlat tashkilotlari, vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar karantin qoidalariga rioya qilgan holda qog‘oz bilan muomala qilishdi. Asosan xatlar bilan ishlaydigan pochta xizmati ham, tinimsiz fuqarolarning murojaatlari kelib tushadigan Prezident xalq qabulxonalari ham, har kuni qog‘oz pullari aylanmasi bo‘ladigan Markaziy bank kabi tashkilotlar ham ishlashda davom etdi. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning o‘zida shu davrda ham boshqa tashkilotlar bilan qog‘oz hujjatlar aylanmasi davom etgan bo‘lsa kerak.

Agar tashkilot xodimlaridan bunchalik xavotir olsa, yuqoridagi kabi tibbiy-sanitariya talablari asosida fuqarolardan kelgan murojaatlar uchun alohida dezinfeksiyalash xonasi qilib qo‘ysa ham bo‘lardi. Shu xonada xatlarni bir necha kun saqlab, dezinfeksiya qilingach, ular o‘rganilishi ham mumkin edi.

Yoki bo‘lmasa, maxsus himoya vositalari bilan ta'minlangan xodim (mutaxassis) kelib tushgan har bir xatni skaner apparatidan o‘tkazib, tegishli boshqarma va bo‘limlarga elektron hujjat ko‘rinishida ham yuborishi mumkin edi. Vaholanki, tashkilotlarda bu amaliyotdan ancha yillardan buyon foydalanilmoqda.

Ushbu masala yuzasidan Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayotbek Shamsutdinov bilan bog‘landik. Shamsutdinovga ko‘ra, haqiqatan ham pandemiya sababli xodimlar orasida kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida pochta orqali Bosh prokuraturaga kelib tushgan murojaatlar qabul qilinmagan.

Masalani o‘rganishimiz davomida Bosh prokuratura 7 oylik tanaffusdan so‘ng, 1 noyabrdan xat shaklidagi murojaatlarni ham qabul qilishni boshlagani haqida xabar oldik. Ammo ortga qaytarib yuborilgan 14 mingdan ortiq xatlardagi murojaatlar taqdiri nima bo‘ladi, degan savol aktualligicha qolmoqda.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid